French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Alisher Navoiy tahsil olgan shaharda uning hayoti va faoliyatiga oid anjuman o‘tkazildi
22:27 / 2021-05-24

Samarqand davlat universitetida Alisher Navoiyning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan «Alisher Navoiyning jahon adabiyotida tutgan o‘rni» mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

O‘zbek adabiyotining gultoji, ona tilimiz jonkuyari hazrat Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludiga 580 yil to‘ldi. Hazrat Alisher Navoiy bugun nafaqat o‘zbek, nafaqat butun turkiy tilli xalqlar, balki butun dunyo madaniy olamida e’tirof etilmoqda. Shuning uchun ham Hazrat Alisher Navoiy tavallud sanalari har yili butun olamda o‘zgacha shukuh bilan nishonlanadi.

O‘tgan yili O‘zbekistonda ham Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini munosib nishonlash maqsadida Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilingan edi. Qarorda belgilangan vazifalarni ijro etish maqsadida Samarqand davlat universitetida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda «Alisher Navoiyning jahon adabiyotida tutgan o‘rni» mavzusida respublika ilmiy – amaliy anjumani o‘tkazildi. 

Hazrat Navoiy tavalludiga doir bunday tadbirning Samarqand universitetida o‘tkazilishida ham o‘ziga xos bir ramziy ma’no bor. Alisher Navoiy yoshlik paytlarida aynan Samarqand shahrida madrasa ta’limini olgan. O‘sha paytlardagi Samarqand ilmiy-adabiy muhiti buyuk shoir va mutafakkirning shakllanishida muhim omil bo‘lib xizmat qilgan.

- Bugun O‘zbekiston o‘zining ko‘p yillik tamaddun tarixini yana tiklash maqsadida Uchinchi Renessans sari qadam bosmoqda. Bu, albatta, o‘z-o‘zidan bo‘lavermaydi, – deydi professor Muslihiddin Muhiddinov. – Buning uchun bizga oldingi renessanslarga asos solgan ulug‘ bobolarimizning bilim va tafakkuri kabi kuchli salohiyat lozimdir. Hazrat Alisher Navoiy singari buyuk siymolarimizning betakror o‘lmas merosi kuchli salohiyatli shaxslarni tarbiyalashda hamma zamonlar uchun birdek ahamiyatga egadir.

Konferensiyada Respublikamizning mutaxassis olimlaridan tashqari, Turkiya, Ozarbayjon, Tojikiston kabi xorijiy davlatlardan ham olimlar ishtirok etib, Alisher Navoiy hayoti va faoliyatining muhim qirralari haqida ilmiy ma’ruzalar qilishdi. Maqolalar to‘plami Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi mablag‘lari hisobidan nashr etilib, bepul tarqatildi.