Bu yil ulug‘ mutafakkir shoir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi mamlakatimiz miqyosida g‘oyat ko‘tarinkilik bilan nishonlanmoqda. Bu esa mamlakatimizda alloma shoir bobomiz merosini asrab-avaylash, uni o‘rganish, keng targ‘ib etish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni zamon ruhiga hamohang tashkil etish borasidagi amaliy ishlarning natijasidir.
9 fevral – Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboni erta tongdan ijodkor ziyolilar, adabiyot muxlislari, mamlakatimizdagi chet el diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning vakillari, chet ellik navoiyshunos olimlar, turli vazirlik va tashkilotlarning vakillari, talaba-yoshlar bilan gavjum bo‘ldi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlari ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar bilan uyg‘un kechayotganini, jamiyatda ma’naviy uyg‘onish, milliy o‘zlikni teran anglashda Navoiy ijodini mukammal o‘rganishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
– Keyingi yillarda Navoiy asarlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilindi, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Navoiy o‘z asarlarida xalqlar do‘stligi, ayniqsa, turkiy xalqlar hamjihatligiga alohida e’tibor qaratgan. Navoiy o‘z ijodida ta’lim-tarbiya, murabbiylar faoliyatiga ustuvor ahamiyat qaratgan. Bu jihatlar mamlakatimizda bugun ta’lim sohasida olib borilayotgan ma’rifiy yangilanishlarga ham vobastadir.
Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi maslahatchisi Jasulin Iskandarov Alisher Navoiy ijodi o‘zining o‘lmas va hayotbaxsh ezgu g‘oyalari bilan hamon bashariyatni ezgulikka, tinchlik va hamjihatlikka, ma’naviy poklik, insof-diyonatga chorlab kelayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi direktori, filologiya fanlari doktori Jabbor Eshonqulov Navoiyning Turkiyada chop etilgan devoni haqida batafsil ma’lumot berib, uning nashr etilishi turkiy xalqlar o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy, adabiy rishtalarni mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Akromjon Dehqonov Navoiy asarlarida tinchlik va do‘stlikning ulug‘lanishi, bobomiz o‘z faoliyatida mamlakatning tinchligi, osudaligi, farovonligiga alohida e’tibor qaratgani xususida so‘zladi.
Eronlik olim, professor G‘ulom Rizo Razmiy Navoiyning Eronda saqlanayotgan qo‘lyozmalari, ushbu mamlakatda ulug‘ alloma bunyod ettirgan inshootlar xususida ma’lumot berdi.
– O‘zbekiston zaminida, buyuk Alisher Navoiy avlodlari huzurida ekanimdan g‘oyat mamnunman, – dedi G‘ulom Rizo Razmiy. – Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalar tarixi uzoq asrlarga borib taqaladi. Bu munosabatlarning eng ravnaq topgan jihatlari Navoiy yashagan, ijod qilgan davr bilan bevosita bog‘liqdir.
Yosh tarjimon Madinabonu Muhammadrizayeva Navoiy g‘azallarining inglizcha tarjimasini, shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida tahsil olayotgan talabalar shoir bobomiz ijod namunalarini xorijiy tillarida o‘qidi.
Tantanali tadbirda atoqli shoir Abdulla Sher Alisher Navoiyga bag‘ishlangan she’rini o‘qib berdi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova shoir g‘azali bilan aytiluvchi “Shitob aylab” qo‘shig‘ini ijro etdi.
Ishtirokchilar shoir haykali poyiga gullar qo‘ydilar.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov ishtirok etdi.
Shoirning ijodiga bag‘ishlangan tadbirlar poytaxtning Navoiy ko‘chasidagi Shoirlar xiyobonida, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tutash maydondagi alloma haykali poyida ham bo‘lib o‘tdi.
Bu kabi tadbirlar mamlakatimizning barcha ta’lim maskanlari, kutubxonalar, ijodiy tashkilotlarda bo‘lib o‘tmoqda.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov,
Rustam Nazarmatov(surat), O‘zA
O‘zA