Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Alisher Navoiy- o‘zbek halqining g‘ururi
14:56 / 2026-02-21

So‘z mulkining sultoni, mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Hazrat Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat turkiy xalqlar milliy madaniyatida, balki jahon adabiyoti tarixi va adabiy-estetik tafakkuri rivojida ham alohida ahamiyat kasb etadi.

Ulug‘ shoir o‘zining bayozlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib o‘rin egallagan.

Yaqinda Qozog‘istonning Chimkent shahar o‘zbek drama teatrida Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan “Navoiyxonlik – 2026” xalqaro tanlovi o‘tkazildi. Qozog‘iston Xalq assambleyasi, Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy birlashmalari “Do‘stlik” hamjamiyati, Chimkent shahar o‘zbek etnomadaniyat birlashmasi,  Jumabek Tashenev nomli universitet, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur konkursda yoshlar Navoiy asarlari bo‘yicha esse yozish, g‘azalni ifodali yoddan o‘qish, “Xamsa” dostonlari asosida sahna ko‘rinishini namoyish etish hamda buyuk mutafakkir hayoti va ijodiga oid savol-javoblar kabi shartlar yuzasidan bahslashdilar. 

Hakamlar hay’ati a’zosi sifatida pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shahlo Noraliyeva va J.Tashenev nomli universitet katta o‘qituvchisi Ozoda Musayeva tanlov ishtirokchilarining chiqishlarini xolisona baholab bordilar.

Mazkur yig‘inning kirish qismida so‘z olgan Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy birlashmalari “Do‘stlik” hamjamiyati raisi Abdulla Ismatullayev Navoiyning adabiy merosi, uning asarlari hamon xalqlarni, millatlarni do‘stlashtirishda alohida o‘rin tutayotganini qayd etdi.

– Hazrat Alisher Navoiy turkiy xalqlar ma’naviy dunyosining taraqqiyotiga g‘oyat kuchli va samaralari ta’sir ko‘rsatgan ulug‘ zotdir, -dedi u o‘z nutqida. – Shoir o‘zining dono siyosiy faoliyati bilan birga, ko‘plab bunyodkorlik ishlariga, fan, madaniyat, san’at va adabiyot ahliga homiylik qilgan, ularni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab - quvvatlagan. Uning ijodida insonparvarlik, xalqlar do‘stligi g‘oyalari, komil inson ta’limoti ustuvorlik qiladi. Yosh avlod buyuk Navoiy, donishmand Abay kabi mutafakkirlarning jahoniy asarlarini, bebaho  hikmatlarini o‘qib ulg‘aysa, albatta,  ma’naviyati, dunyoqarashi yanada yuksaladi. Hozir ikki qardosh o‘lka – Qozog‘iston va O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichda. Ushbu xalqaro tanlov yosh avlod kamolotiga, mamlakatlarimizning yaqin qo‘shnichilik, hamkorlik munosabatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga ishonchimiz komil.

Anjuman doirasida Chimkent o‘zbek drama teatri aktyorlari “Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy” spektaklidan parcha ijro etishdi. Ayniqsa, ulug‘ shoir g‘azallariga bastalangan kuy-qo‘shiqlar jonli ijrosi tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.

– Hazrat Navoiy fors tili ustun bo‘lib turgan bir paytda turkiy tilda ijod qilib, adabiy tilimizga asos soldi, -deydi hakamlar hay’ati a’zosi, J.Tashenev nomli universitetning xalqaro hamkorlik departamenti rahbari, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shahlo Noraliyeva. – Quvonarlisi, “Ona tilim – jonu dilim” va “Navoiy o‘qishlari” kabi tanlovlar yoshlarimizning muloqot maydonlarini kengaytirish barobarida, ularning adabiyotga bo‘lgan mehr-muhabbatini mustahkamlab, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalanishiga xizmat qilmoqda. Bunday ma’rifiy tadbirlar yosh avlodning nutq madaniyatini yuksaltirish, badiiy tafakkurini boyitish va ijodiy salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Tanlov yakunlariga ko‘ra, oliy o‘rin Janubiy Qozog‘iston viloyati, Sayram tumanidagi Alisher Navoiy nomli maktabning 10-sinf o‘quvchisi Mahliyo Muhiddinovaga, 1-o‘rin Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 17-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Binafsha Bozorovaga nasib qildi. J.Tashenev nomli universitet talabalari Marjona Rafiqova, Nigora Shodiqulova, Mavluda Asadullayeva, O‘zDXA 4-bosqich talabasi Jamshidbek Mirsoliyevlar talabalar o‘rtasida g‘olib deb topildi. Shuningdek, qolgan ishtirokchilar ham turli nominatsiyalarda e’tirof etildi. G‘oliblar sertifikat, pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Tadbirda “Vatandoshlar” jamoat fondi vakillari ham ishtirok etib, Qozog‘istondagi o‘zbek maktablari uchun yangi kitoblar, o‘quv-qo‘llanmalari hamda o‘zbek milliy cholg‘u asboblarini hadya etishdi.

Hazrat Navoiy asarlari o‘sib kelayotgan yosh avlodning tasavvuri, borliqni ongli ravishda idrok etishi, badiiy-estetik didini shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadi. Zero, ma’naviy meros insonlarning bir-biriga bo‘lgan o‘zaro munosabatlari asosida rivojlanib, sayqallanib boradi. Millatlarning madaniy-ma’rifiy aloqalari qadriyatlarning avlodlardan-avlodlarga o‘tishi va boyib borishi jarayonida rivojlanadi, xalqaro miqyosga chiqadi. 

Hulkar Hamroyeva,

filologiya fanlari doktori, professor.

O‘zA