Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Alisher Navoiy” operasi muxlislarga taqdim etildi
16:53 / 2026-02-10

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrida atoqli kompozitor, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Mustafo Bafoyev musiqiy asariga Sh.Sirojiddinov, O.Uzoqov librettosi asosida sahnalashtirilgan “Alisher Navoiy” operasining premerasi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, ulug‘ alloma bobokalonimiz yashagan murakkab va sinovlarga to‘la davr nainki tarixchilar, balki ijod ahlida ham katta qiziqish uyg‘otadi.  

Ustoz kompozitor Mustafo Bafoyev ham Navoiy yashagan muhitga opera san’ati orqali murojaat etib, uni betakror sahna asari sifatida muxlislarga taqdim etgani e’tiborga molik.  

–Alisher Navoiy ijodiga talabalik yillaridan buyon qiziqaman, – dedi ustoz kompozitor Mustafo Bafoyev. – Bu bebaho merosni imkon qadar mukammal o‘rganishga harakat qildim. Shoirning “G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish” nomli satrlari bilan boshlanuvchi ruboiysiga musiqiy asar yaratdim. Bu asar o‘z davrida festivalda muvaffaqiyat bilan ijro etildi. Keyinchalik shoir g‘azallari asosida “Holati Alisher Navoiy” nomli simfoniya yozdim. So‘ngra “Lison ut-tayr”ga musiqiy asar yaratdim. “Alisher Navoiy” operasini yozdim. Mengacha Mutal Burxonov “Navoiy” operasini yozgan edi. Bir so‘z bilan aytganda, mutafakkir bobomiz ijodi bilan ko‘plab musiqiy asarlarim bog‘liq.  

“Alisher Navoiy” operasi shoirning elparvarlik, insonparvarlik, ezgulikka yo‘g‘rilgan faoliyati, o‘sha davrdagi ayrim tarixiy shaxslarning shuhratparastlikka berilishi, toju-taxt uchun beayov kurashlari haqida ta’sirchan tarzda hikoya qiladi.      

Spektaklning musiqiy rahbari va dirijyor – O‘zbekiston san’at arbobi Fazliddin Yakubjanov. Sahnalashtiruvchi rejissyor – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Haydarali Qosimov. Sahnalashtiruvchi rassom – O‘zbekiston san’at arbobi Shuhrat Abdumalikov tomonidan tayyorlangan mahobatli bezak va dekoratsiyalar spektakl ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilgan. Bosh xormeyster - O‘zbekiston xalq artisti Sulaymon Shodmonov. Baletmeysterlar - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Qoraqalpog‘iston xalq artisti Zamir Nurimbetov hamda Charos Jo‘raboyeva tomonidan yaratilgan betakror raqs kompozitsiyalari spektaklga o‘zgacha joziba bag‘ishlagan.

Spektaklda Alisher Navoiy siymosini taniqli opera xonandasi Rustam Alimardonov gavdalantirgan. Umuman olganda, milliy musiqiy asarlar, go‘zal raqslar asosida yaratilgan ushbu spektakl tomoshabinlarda o‘zgacha qiziqish uyg‘otdi.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri