Suyukli adibimiz Mirkarim Osimning “Zulmat ichra nur” asarida buyuk bobomiz, davlat arbobi, faylasuf va shoir Alisher Navoiyning yoshligi haqida lo‘nda uslubda qiziqarli ma’lumotlar berilgan. Qissada Alisher Navoiy yoshligidanoq boshqa bolalardan ajralib turgani Sharafiddin Ali Yazdiy bilan muloqot shaklida ajib mahorat bilan ko‘rsatilgan. Yozuvchi tasvirlaydiki, Navoiy bir guruh bolalar bilan ulug‘ tarixchi Ali Yazdiyni ko‘rib qoladi. Shunda boshqa tengdoshlari ko‘cha bo‘ylab qochganida Navoiy ulardan ajralib, tarixchiga salom beradi. Savollariga odob bilan samimiy ohangda javob qaytaradi. Sharafiddin Ali Yazdiy bolakayga “Borakallo. Bul jamoat bolalaridin biz choqirg‘onda sen kelib, men bila oshno bo‘lding. Kel, sening uchun fotiha o‘qoli…” deya duo qiladi.
Mirkarim Osimning shu asarini har gal mutolaa qilganimda Alisher Navoiyning besh asrdan buyon dunyoda ulug‘lanib, nomi so‘nmas yulduzdek porlab turganiga uning zehni, ota-ona tarbiyasi va ulug‘larning duolari sabab bo‘lgandir, degan xayolga boraman. Ma’lumki, Alisherning otasi G‘iyosiddin Muhammad – Temuriylar saroyida xizmat qilgan. O‘z davrining nufuzli kishilaridan biri bo‘lgan. Onasi Qobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizidir. G‘iyosiddin Muhammad o‘g‘lining ta’lim-tarbiyasiga bolaligidan jiddiy e’tibor bergan. Avliyolarning avliyosi, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoirlarning sultoni Navoiy sharqda “nizomi millati va din” (din va millat nizomi) unvoni bilan ulug‘langan bo‘lsa, sulton Husayn Boyqaro “muqarrabi hazrati sultoniy” (sulton hazratlarining eng yaqin kishisi), degan maqomni bergan. Butun turkiy xalqlar esa “shams ul millat” ya’ni, millat quyoshi, deya ta’riflaydi. Ul hazrat mangu qo‘nim topgan qo‘shni Afg‘onistonning Hirot shahridagi sokin maskan besh asrdan buyon muqaddas qadamjo sifatida tanilgan.
Alisher Navoiy nafaqat buyuk shoir balki, davlat arbobi sifatida yurtni obodonlashtirish, ichki nazoratni boshqarish va boshqa ishlarda barchaga ibrat bo‘lgan. Jumladan, u Astrobodga hokim bo‘lgan davrlarida o‘z mablag‘i hisobidan bir nechta madrasa, 40 ta rabot, 17 ta masjid, 10 ta xonaqoh, 9 ta hammom, 9 ta ko‘prik, 20 ta hovuz qurdirgan. Bobokalonimizning “Mahbub ul-qulub”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Munshaot”, “Mezon ul-avzon”, “Muhokamat ul-lug‘atayin”, “Majolis un-nafois” singari ko‘plab asarlari bugun ham jahonda juda mashhur va o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmagan. Hazrat Navoiyning turkiy va fors tillarida bir xil ijod qilgani ham ul zotning naqadar buyuk inson bo‘lganidan darak beradi. Xususan, u Navoiy taxallusi bilan turkiy tilda ijod qilgan bo‘lsa, forsiy tilda Foniy taxallusi bilan tanilgan. Ulug‘ ajdodimiz kelajakni, bugungi hayotni asarlarida o‘zining o‘sha zamondagi tasavvurlari bilan ta’riflagani ham biz yoshlarni chuqur mushohadaga undaydigan qiziq holatdir. O‘qigan bo‘lsangiz, “Sab’ai sayyor” dostonida Zayd haqida hikoya keltirilgan. Asarda podshoh Zaydga shunday bir taxt yasashni buyuradiki, uning birinchi zinasiga oyoq qo‘yilsa, zinaning o‘zi taxtga olib chiqib qo‘yishi kerakligi tayinlanadi.
Vaholanki, zamonaviy texnologiyalar asosida bizning davrimizda yaratilgan bu zinapoya bugungi kunda dunyo ahli metro, ko‘p qavatli supermarket va boshqa inshootlarda odamlarning mushkulini oson qilayotgan eskalatordir. Mir Alisher Navoiyning ruboiylari, g‘azallari bir qarashda oddiy yorga, kishilarga bag‘ishlangandek tuyuladi. So‘z o‘yinlaridan mahorat bilan foydalanadi. Biroq, ularning tasavvufiy tahlili mutlaq o‘zgachadir. Shu o‘rinda fikrimiz quruq bo‘lmasligi uchun quyidagi ruboiyni qisqacha tahlil qilamiz. Bobomiz yozadilarki:
G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish,
El anga shafiqu mehribon bo‘lmas emish.
Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa,
Bulbulg‘a tikondek oshyon bo‘lmas emish.
Bu ruboiyni o‘qimagan, eshitmagan, yod olmagan kishi bo‘lmasa kerak. Unda musofir inson o‘z yurtidan uzoqda bo‘lsa, o‘zini g‘aribdek his etishi va hamma narsa unga qorong‘i bo‘lishi tasvirlangandek mazmun kelib chiqadi. Sababi – u o‘zga yurtda hech kimni bilmaydi, tanimaydi va bu holat podshohning oltin qafasida turgan bulbulga
qizil gul kabi eng oliy narsalarni bersangiz ham uning uchun o‘z oshyonidagi tikan kabi iliqlik berolmasligiga mengzagandek fikr uyg‘otadi. Aslida ruboiyning asl ma’nosi mutlaq boshqachadir. Vaholanki, mazkur jumlalardagi “g‘arib” faqatgina musofirlar emas balki, barcha odamzoddir.
Navoiy aytmoqchiki, Alloh taolo Odam ato va Momo havo uchun asl vatan etib Jannatni hadya qilgan. Shundan so‘ng shaytonning yolg‘oniga ishongani uchun o‘z yurtidan yerga tushirgan. Bizning barchamiz bu dunyoda musofirmiz va bu dunyo iliqliklari, go‘zalliklari insonga haqiqiy huzur bag‘ishlamaydi, degan fikrni ilgari surgan. Lo‘nda qilib aytganda, ruboiydagi “g‘urbat” aslida bu foniy dunyodir. Navoiy hayoti bilan tanishib, boy ma’naviy merosini o‘rganish, o‘qish biz yoshlarning hamisha hayratimizni oshiradi. Ul zotning bilim va zakovatiga havasimizni uyg‘otadi. Bilasizmi, olimlarning aytishicha, bugun o‘zbek tilshunosligida 80 mingdan ortiq so‘z mavjud.
Benazir bobokalonimiz asarlarida 26 ming 35 ta takrorlanmas turkiy so‘zni qo‘llagan. Vaholanki, rus xalqining buyuk shoiri Pushkin asarlarida 21 ming 197 ta so‘z, ingliz adabiyotining faxri Shekspir salkam 20 mingta, ispan adabiyoti dahosi Servantes o‘z asarlarida 18 mingga yaqin so‘z ishlatgan. Bitiklarida so‘z qo‘llash mahorati ham Alisher Navoiyning jahonda tengi yo‘q iste’dod sohibi bo‘lganidan dalolat beradi. Mavridi kelganda shuni ham aytish joizki, sayyoramizda globallashuv davri kechayotgan bizning zamonimizda Alisher Navoiy xotirasiga bag‘ishlab juda ko‘p ezgu ishlar amalga oshirilayotgani, viloyatlar markazlarida Navoiy haykali o‘rnatilib, ma’rifat maskanlari, teatr, ko‘cha, maktab va nufuzli oliy ta’lim muassasalariga ul zotning nomi berilgani, talabalar uchun Navoiy nomli stipendiya joriy etilgani, jahonning Moskva, Boku, Seul, Shanxay, Tokio, Ashxobod kabi yirik shaharlarida muazzam haykali bo‘y ko‘rsatib turganidan qalbimiz hamisha quvonchga to‘ladi.
Mamlakatimizda joriy yil Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligini keng nishonlaymiz. Ana shu muborak kun arafasida ta’kidlash zarurki, biz, yoshlar dunyoni lol qoldirgan benazir mutafakkirning avlodlari ekanimizdan haqli ravishda faxrlanishimiz, asarlarini chuqur o‘rganib, o‘qishimiz, Navoiy asarlari har bir inson uchun bebaho ma’naviy ozuqa ekanini yanada keng targ‘ib qilishda sobitqadam bo‘lishimiz kerak.
Dildora Abdimo‘minova,
Termiz davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi
O‘zA