Bir eksponat tarixi
Toshkent shahrining yaqin tarixdagi ko‘rinishi, eski shaharning umumiy atmosferasi qanday bo‘lgani ko‘pchilikka qiziq bo‘lsa kerak. Katta megapolisga aylanib borayotgan poytaxtimizning o‘tgan asrdagi holatini tasavvur qilishda tarixiy manbalarning o‘rni muhim. Shu bilan birga, muzeylardagi eksponatlar ham tomoshabinlar uchun yaxshi manba bo‘lib xizmat qiladi.
Poytaxtimizdagi Politexnika muzeyidan “Alisher Navoiy ko‘chasi” deb nomlangan ko‘rgazma o‘rin olgan bo‘lib, u orqali eski Toshkent haqida bilib olish mumkin. Bu haqda muzey ekskursovodi Mahmud Sodiqov quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Muzeyimizda Toshkent shahrining avvalgi ko‘rinishi haqida ma’lumot beruvchi ajoyib ko‘rgazma – “Alisher Navoiy ko‘chasi” deb nomlangan ekspozitsiya o‘rin olgan. U hozirgi Alisher Navoiy ko‘chasining 1957 yilgi holatini tasvirlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1938 yildan boshlab ushbu ko‘cha “Alisher Navoiy ko‘chasi” deb nomlangan.
Bu ko‘rgazma orqali birinchi navbatda, Toshkent shahrining o‘sha paytdagi holati, uning atmosferasi, aholisi hamda transport vositalari haqida ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Jumladan, ko‘rgazmada avtobus, trolleybus, tramvay va avtomobillarning turlari o‘rin olgan. Shu asnoda biz ushbu transportlarning O‘zbekistonda paydo bo‘lish tarixi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishimiz mumkin.
Xususan, Toshkentda ilk tramvay qatnovi 1912 yilning 29 dekabrida yo‘lga qo‘yilgan. Avtobus qatnovi esa 1909 yilda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘sha paytda 10 ta avtobus turli yo‘nalishlarda ma’lum intervallar oralig‘ida harakatlangan. Ikkinchi jahon urushi nihoyasiga yetganidan so‘ng, aniqrog‘i, 1947 yilning 5 noyabridan esa Toshkentda ilk trolleybus harakati boshlangan.
Ushbu ko‘rgazmamiz orqali tomoshabinlar Toshkent shahrining o‘sha davrdagi aholisi, kiyinishi, shahar landshafti, binolarning joylashuvi ko‘rishlari, ajoyib atmosferasini his qilishlari mumkin.
Alisher Navoiy ko‘chasining o‘sha paytdagi ko‘rinishi kattalashtirilgan fotografiya asosida namoyish etilgan. Ushbu rasmda o‘sha paytdagi markaziy telegraf binosi tasvirlangan. Markaziy telegraf binosi ko‘hna Toshkentning arxitekturaviy yodgorliklaridan biri hisoblanib, shaharning o‘sha davrdagi ko‘rinishi, arxitekturasi haqida tasavvur uyg‘otadi.
Umuman, muzeyimizdagi ushbu ko‘rgazma tomoshabinda Alisher Navoiy ko‘chasi hamda eski Toshkent bilan bog‘liq iliq xotiralarni uyg‘otadi va tasavvurlarni paydo qiladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/dP2cb4LM88Y?si=qFW9fQ1ahF3dar4S" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Nishon Abduvoitov (video), O‘zA