Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Alisher Navoiy – inson qadri va qalbini yuksak baholagan shoir
13:24 / 2026-02-09

Har bir davrning qahramoni bo‘lgani kabi hazrat Alisher Navoiy ham o‘z davrining qahramoni sifatida tarixda qoldi. Adabiyotda forsiygo‘ylik va arabiylik yetakchilik qilayotgan bir paytda u maydonga turkiy til atalmish uchqur ot bilan kirib keldi.

Albatta, fors tili-yu arab tilining jozibasini e’tirof etmaslik noto‘g‘ri. Ammo asrlar o‘tibdiki, turkiy til jozibasini haligacha hech kim Navoiychalik ilmiy va badiiy namoyon eta olganicha yo‘q. garchand, bu hammaga ayon haqiqat bo‘lsa-da, har kim ham buning zalvorini anglashga qodir emas.

Har yili 9 fevral mamlakatimiz bo‘ylab ulug‘ shoirimizning tavallud kuni keng nishonlanadi. Bu yil ham hazrat tavalludining 585 yilligi yurtimiz uzra shodiyonaga aylanmoqda. Albatta, u zotga har qancha ehtirom ko‘rsatsak kam.  

Qayd etish lozimki, internetning shiddatiga moslashib qolgan yoshlar ongiga Navoiyni anglashni singdirish g‘oyat mushkul. Ammo Navoiyni tanitmasdan turib kelajak avlodni shakllantirish xato bo‘ladi. Shuning uchun ham adabiyot o‘qituvchilari dars tashkil etishda albatta, hazratning g‘oyalari, asarlaridan muntazam foydalanishlari shart. Navoiy baytlari mohiyatini saviyali sharhlash orqali o‘quvchilar qalbida buyuk shoirimizga muhabbat uyg‘otish ham ustozlarning muhim vazifalaridandir.

Mamlakatimizda “inson qadri” tamoyili asosida olib borilayotgan siyosat asnosida buyuk ajdodlarimiz merosi ham munosib qadr topmoqda. Navoiyning buyukligi shundaki, bugungacha va bugungi kun tasvirini bor yo‘g‘i ikki baytda namoyon etgan.

Ka’baki, olamning o‘lib qiblasi,

Qadri yo‘q andoq-ku ko‘ngil ka’basi.

Kim bu xaloyiqg‘a erur qiblagoh,

Ul biri Xoliqg‘a erur jilvagoh.  

Shoir mazkur misralar orqali inson qadri va qalbini yuksak baholaydi. Bilamizki, ka’ba musulmonlar ziyorat qiladigan eng muqaddas dargoh. Unga barcha talpinadi. Hazrat Navoiy e’tiborni boshqa masalaga qaratadi. Bas shunday ekan, nega ko‘ngil ka’basining qadri yo‘q? Agar ka’ba insonlarga qibla bo‘lsa, ko‘ngil yaratgan nazar soluvchi, uning nuri jilvalanuvchi mo‘’tabar maskanligini ta’kidlaydi. Bu orqali inson qadri har narsadan afzal ekanligini uqtirmoqchi bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, turkiy tilning jozibasini butun olamga tarannum etgan, har bir baytida ma’naviyat, ma’rifat bosh mezon bo‘lgan betakror ijodkor yodi hamisha ardoqlanmog‘i lozim.

Ta’kidlash joizki, biz Navoiyni anglashga doir mulohazalarimizni o‘z nuqtayinazarimizdan bildirdik. Bunda ul zotning davlat va jamoat arbobligi bilan bog‘liq faoliyatiga to‘xtalmadik. Boisi Navoiyga munosib izdosh shoirlarimizdan O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston qahramoni Abdulla Oripov aytganidek:

Temur tig‘i yetmagan joyni,

Qalam bilan oldi Alisher.

Sherbek Islomov, O‘zA