English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Alisher Navoiy asos solgan shifoxona
08:16 / 2025-11-19

Bundan besh asr muqaddam, Temuriylar saltanatining gullagan davrida Hirot shahrida shunday bir maskan bunyod etildiki, u nafaqat minglab bemorlarga shifo ulashdi, balki butun bir mintaqaning ilmiy va ijtimoiy hayotiga chuqur ta’sir ko‘rsatgan ijtimoiy voqeaga aylandi.

Bu – hazrat Alisher Navoiyning bevosita tashabbusi va homiyligi ostida tashkil etilgan “Dorushshifo” (Davolash uyi) edi. Bugungi kunda ko‘pchilik Navoiyni buyuk shoir va mutafakkir sifatida bilsa-da, uning davlat va jamiyat ravnaqi yo‘lidagi bunyodkorlik ishlari, xususan, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishdagi faoliyati hali-hanuz o‘zining to‘liq bahosini olganicha yo‘q. Dorushshifo – bu shunchaki kasalxona emas, balki Navoiyning insonparvarlik g‘oyalari va tibbiyotga bo‘lgan e’tiborining moddiy ifodasi edi.

Tarixchi Xondamir o‘zining “Xulosat ul-axbor” (“Xabarlarning xulosasi”) asarida bu maskan haqida qimmatli ma’lumotlarni qoldirgan. Uning yozishicha, aslida Mahdiulyo Milkat og‘o tomonidan qurdirilgan bino aynan Alisher Navoiyning “diqqat-e’tiborlari bilan obodonlikka yuz qo‘ygan”. Masjidi Jome’ning janubida joylashgan bu shifoxona “bag‘oyat latofatli va nihoyatda nazofatli qilib qurilgan” edi. Tasavvur qiling, binolar orasida jannat misol kavsar hovuzi mavjud bo‘lib, bu holat o‘sha davr me’morchiligida estetika va funksiya birlashgan noyob hodisa edi. Bu maskanning tashkil etilishi zamirida Navoiyning tibbiyot faniga bo‘lgan chuqur qiziqishi va uni rivojlantirish istagi yotardi. U o‘z davrining barcha fanlari qatori tibbiyot rivojiga ham alohida g‘amxo‘rlik qilgan, bu yo‘lda nafaqat ma’naviy, balki ulkan moddiy ko‘mak ham bergan.

Dorushshifoning faoliyati o‘sha davr uchun mukammal tashkil etilgan edi. Xondamirning guvohlik berishicha, bu yerda “Xizr qadamli hakimlar va Iso nafaslik tabiblar doimo bemorlarni davolash va g‘ariblarning kasalini shifolash bilan mashg‘uldirlar”. Bu o‘xshatishlarning o‘ziyoq shifoxonaga eng yetuk, o‘z ishining mohir ustalari jalb qilinganidan dalolat beradi. Eng muhimi, bu maskanda bemorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan edi. “Davolar va ovqatlardan nima kerak bo‘lsa, bu qutlug‘ makonda shay va hozirdir”, – deb yozadi tarixchi. Bu, shifoxonada dori-darmon va oziq-ovqat ta’minoti markazlashgan holda yo‘lga qo‘yilganini anglatadi. Ayniqsa, “g‘ariblar”, ya’ni uzoq yurtlardan kelgan musofir va kambag‘al bemorlarning ham bu yerda davolangani, ularga ovqatlarning bepul berilgani Dorushshifoning nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.

Dorushshifoning shuhrati tez orada butun Movarounnahr va Xurosonga tarqaldi. Buning yaqqol isbotini “Navoiy albomi”da saqlanib qolgan noyob maktublarda ko‘rish mumkin. Jumladan, Samarqanddagi nufuzli din arbobi Xoja Ubaydulloh Ahrorning Alisher Navoiyga yo‘llagan xatida bir bemor o‘zidagi illatdan qutulish umidida aynan Hirotga, Navoiy ostonasiga otlanganini yozib, unga yordam ko‘rsatishni so‘raydi. Boshqa bir maktubda esa Xoja Ahrorning o‘zi kasal bo‘lib qolganida, tabib olib kelish uchun o‘z yaqin kishisini Samarqanddan Hirotga yuborgani qayd etiladi. Bu voqealar oradagi ulkan masofaga (o‘ttiz besh kunlik yo‘l) qaramay, Hirot tabiblarining obro‘si qanchalik baland bo‘lganini yaqqol namoyon etadi. Ayniqsa, Samarqandda ko‘z kasalligini davolaydigan ishonchli tabib (kahhol) topilmagani sababli Mavlono Fazlulloh ismli kishining Hirotga safarga chiqqani Dorushshifoning yuqori darajadagi ixtisoslashgan markazga aylanganidan dalolat beradi.

Shunday qilib, Alisher Navoiy tomonidan asos solingan Dorushshifo shunchaki davolash maskani emasdi. Bu – o‘z davrining eng ilg‘or tabiblarini birlashtirgan ilmiy markaz, uzoq-yaqindan kelgan bemorlarga, ularning ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, beg‘araz yordam ko‘rsatgan insonparvarlik qo‘rg‘oni, temuriylarning ijtimoiy siyosati va ilm-fan homiyligining yorqin timsoli edi. Navoiyning ushbu ishi ajdodlarimizning xalq salomatligi haqida qayg‘urishdek ezgu ishlarda ham o‘rnak bo‘lganining isbotidir. 

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA