Toshkentda “Strategik islohotlarni huquqiy taʼminlash: yakuniy tahlil va yangi chaqiriqlar” mavzusida xalqaro anjuman boshlandi.
Adliya vazirligi tomonidan AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda tashkil etilgan xalqaro anjumanda nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
Anjumandan koʻzlangan maqsad strategik islohotlarning huquqiy jihatdan yakuniy tahlili, shuningdek 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda yuridik hamjamiyat oldidagi yangi vazifa va chaqiriqlarni muhokama qilishdan iborat.
Tadbirda adliya vaziri oʻrinbosari Alisher Karimov Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida huquqshunoslar oldida turgan eng asosiy chaqiriqlarni sanab oʻtdi.
[gallery-5900]
– Oldimizda turgan eng asosiy chaqiriqlardan biri – bu jadal rivojlanish davrida qonunchilik barqarorligini taʼminlash, – dedi A.Karimov. – Bugungi kunda butun dunyoda progress ortidan tartibga solish juda tez oʻzgarib bormoqda. Munosabatlarning raqamli formatga oʻtishi nafaqat ularni oʻz vaqtida sifatli tartibga solish, balki norma ijodkorligiga nisbatan hozirgi amaliyotdan tubdan farq qiladigan talablarni qoʻymoqda.
Shu bois ikkinchi chaqiriq – bu norma ijodkorligiga raqamli yondashuv. Yaqin istiqbolda qonunlar sunʼiy intellekt yordamida ishlab chiqiladi va avtomatik ravishda ijroga qaratilib, nazorat qilinadi. Bu oʻtishga huquqshunoslar sunʼiy intellektning boshqaruvchisi sifatida tayyor boʻlishi lozim.
Uchinchi chaqiriq – norma ijodkorligida sifatli, operativ va oson qayta aloqa. Yuzaga kelayotgan munosabatlarni tartibga solish uchun huquqshunoslar bilimlari yetarli emas, turli sohalardagi mutaxassislar yordami kerak. Shuning uchun tartibga solish mexanizmlarini ishlab chiqishda davlat biznes, ilm-fan va fuqarolik jamiyati bilan bamaslahat ish tutishi lozim. Buning uchun jamoatchilik muhokamasi, tartibga solish taʼsirini baholash kabi qulay vositalar kerak.
Toʻrtinchi chaqiriq – huquqiy makonning globallashuvi. Zamonaviy sharoitlarda integratsiya jarayonlaridan, ularning yutuq va muammolaridan hech qaysi mamlakat chetda qolmaydi. Buni pandemiya ham isbotlab berdi. Savdo-sotiq, iqtisodiy, madaniy aloqalar dunyo mamlakatlari boʻylab bir-biriga singib ketgan. Shu bois ushbu sohadagi tartibga solish mexanizmlari imkon qadar universal va barcha uchun tushunarli boʻlishi lozim.
Tadbir davom etmoqda.
N.Abduraimova, OʻzA