FOTOREPORTAJ
Termiz shahridagi Yoshlar markazida 15 may - Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Ibratli oila” ko‘krak nishoniga tavsiya etilgan namunali oilalarni hamda “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi oilalarni mustahkamlash, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash, namunali oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish maqsadiga qaratilgan.
Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda oilalarni qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash, ulardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, oilaning jamiyatdagi o‘rni, roli va nufuzini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
[gallery-17430]
Tanlovda viloyatning 720 dan ziyod namunali oilasi ishtirok etdi. Ibratli, namunali, uzoq yillar birga yashab kelayotgan, farzandlarini ona yurtga muhabbat, Yangi O‘zbekistonning ezgu g‘oyalariga sadoqat, oilaviy qadriyatlarga hurmat ruhida hamda sog‘lom va barkamol etib tarbiyalayotgan 15 oila viloyat bosqichida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Termiz shahrida istiqomat qiluvchi Aliqulovlar oilasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Muzrabot tumanidan Jumayevlar oilasi ikkinchi hamda Uzun tumanidan Karimovlar oilasi uchinchi o‘rinni egalladi.
Tadbirda “Ibratli oila” ko‘krak nishoniga tavsiya etilgan namunali oilalar hamda “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichi g‘oliblari Nizom talablari asosida pul mukofoti, diplom va qimmatli sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA