French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Alina Chembayeva: “Bilimlar muzyorari” kelajak maqsadlarimni yanada oydinlashtirdi
17:13 / 2025-09-09

Yaqinda Rossiyaning Atomenergetikasi bo‘yicha axborot markazlari tarmog‘i tomonidan tashkil etilgan “Bilimlar muzyorari” xalqaro Arktika ekspeditsiyasi muvaffaqiyatli yakunlandi.

Unda O‘zbekiston nomidan Toshkent shahridagi 246-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Alina Chembayeva ishtirok etdi.  

Alina Chembayeva ekspeditsiya taassurotlari haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:  

– Avvalo, ushbu loyihada ishtirok etganimdan juda mamnunman. Unda 21 davlatdan vakillar qatnashdi va bu turli madaniyat va fikrlar bilan tanishishga imkoniyat yaratdi.  

“Bilimlar muzyorari” ilmiy-ma’rifiy loyihasi tabiiy fanlar va atom texnologiyalarini ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qobiliyatini rivojlantirish hamda kasb tanlashga yo‘naltirishga qaratilgan. Loyihaning olti mavsumi davomida “Rosatom”ning Arktika ekspeditsiyalarida 400 dan ortiq iqtidorli maktab o‘quvchilari ishtirok etdi. Joriy yil ekspeditsiyasi Fan va texnologiyalar o‘n yilligi munosabati bilan tashkil etildi.  

Ekspeditsiya ta’limiy jihatdan ham noyob loyihadir. Biz muzyorar kemada yadro fizikasi, kompozit materiallar, ekologiya bo‘yicha yetakchi mutaxassislarning ma’ruzalarini tinglash bilan birga, atom floti faoliyati bilan ham yaqindan tanishdik. Bu ta’lim muhitida biz dunyoning yetakchi olimlari va muhandislari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldik. Qolaversa, ko‘plab do‘stlar orttirdik.  

Ekspeditsiya davomida turli davlatlardan kelgan yoshlar bilan fikr almashdik, ularning fan va texnologiyaga bo‘lgan qiziqishlari haqida eshitdik va o‘z tajribalarimizni ham o‘rtoqlashdik.  

Shuningdek, ushbu tadbir qiziqarli voqealarga boy bo‘ldi. Biz Shimoliy Qutbni va oq ayiqlarni tomosha qildik. Bu tabiat manzaralari hayotimda esdan chiqmas taassurot qoldirdi. Shu bilan birga, ekspeditsiyadagi sayohat va qiyinchiliklar ham bizga ko‘p narsa o‘rgatdi.  

Bu sayohat men uchun nafaqat ta’limiy, balki kelajakdagi maqsadlarim uchun ham muhim turtki bo‘ldi. Ekspeditsiyada orttirgan ko‘nikmalarim sababli ommaviy aloqalar va xalqaro hamkorlik sohasiga bo‘lgan qiziqishim yanada kuchaydi. Bugungi kunda “Bilimlar muzyorari” nafaqat ilmiy-ma’rifiy dastur, balki yoshlar o‘rtasida xalqaro muloqot platformasi sifatida ham ahamiyatli ekanini angladim.  

N.Ziyodullayeva, O‘zA