“Alimkhan Exim Group”, “Murad Buildings”, “Compas Consalting” kompaniyalari asoschilari samarqandlik yosh tadbirkorlar bilan uchrashdi
Poytaxtimizdan kelgan tadbirkorlar dastlab samarqandlik ishbilarmon yoshlar bilan birga “JV MAN Auto – Uzbekistan”, “Sam Antep Gilam” qo‘shma korxonalari, shuningdek, yoshlar rahbarlik qilayotgan tadbirkorlik subyektlarida bo‘lib, ularning faoliyati bilan tanishdi.
Poytaxtimizdan kelgan tadbirkorlar dastlab samarqandlik ishbilarmon yoshlar bilan birga “JV MAN Auto – Uzbekistan”, “Sam Antep Gilam” qo‘shma korxonalari, shuningdek, yoshlar rahbarlik qilayotgan tadbirkorlik subyektlarida bo‘lib, ularning faoliyati bilan tanishdi. Ushbu korxonalarda mehnat qilayotgan yoshlar o‘z orzu-istak va maqsadlari haqida gapirib, tadbirkorlik faoliyatida muvaffaqiyatlarga erishish to‘g‘risida saboq oldilar.Shundan so‘ng Samarqand shahridagi Konsert zalida “Alimkhan Exim Group”, “Murad Buildings”, “Compas Consalting” kompaniyalari hamda Xalqaro biznes va texnologiyalar uyushmasi asoschilari, tajribali tadbirkorlar A.Olimxonov, M.Nazarov, U.Hojiahmedov, H.Abdurahmonov ishtirokida yoshlar uchun “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzuida mahorat mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Samimiy suhbat va savol-javob tarzida kechgan tadbirda yurtimizda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani, bu borada ayniqsa, yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgani ta’kidlandi. Bugungi kunda nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham tanilgan tadbirkorlarning o‘z biznes faoliyatida erishgan muvaffaqiyatlari, bu yo‘lda yuzaga kelgan to‘siqlarni qanday bartaraf etgani haqidagi hikoyalari yosh tadbirkorlar uchun katta saboq bo‘ldi.
– Yosh tadbirkorlarni kreativ g‘oyalar tashabbuskorligiga chorlash, mamlakatimizda tadbirkorlik ekotizimini rivojlantirish, bu borada ilg‘or xorijiy tajriba, yondashuvlar bilan yoshlarni tanishtirish haftalikning asosiy maqsadidir, – deydi Xalqaro biznes va texnologiyalar uyushmasi asoschisi Hikmat Abdurahmonov. – Shu nuqtai nazardan samarqandlik yoshlar bilan uchrashuvimizda tadbirkorlik faoliyati uchun zarur bo‘ladigan ishtiyoq, ishonch, mehnatsevarlik, intizom va maqsad sari olg‘a intilish, moslashuvchanlik, mablag‘ni boshqarish kabi jihatlar haqida tushuncha berishga harakat qildik. Ular orasida ushbu ko‘nikmalarni egallagan yosh tadbirkorlar ko‘pligi e’tiborlidir.
Uchrashuv davomida yoshlar biznesni yo‘lga qo‘yish va boshqarish yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tajribali tadbirkorlardan atroflicha javob oldi.
Uchrashuv davomida yoshlar biznesni yo‘lga qo‘yish va boshqarish yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tajribali tadbirkorlardan atroflicha javob oldi.