Oila – jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Oilada tinchlik-xotirjamlik, totuvlik bo‘lsa, jamiyat ham rivojlanadi.
Ming afsuski, so‘ngi vaqtlarda arzimagan kelishmovchiliklar oqibatida oilalar parokandalikka yuz tutib, ajrimlar soni ortmoqda.
Biroq, voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun sud tomonidan belgilangan aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida va belgilangan tartibda amalga oshirib kelayotgan otalar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Jumladan, Majburiy ijro byurosining Buxoro shahar bo‘limiga Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining M.Habibovdan M.Tilavova foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun 1/3 qism miqdorida aliment undirish to‘g‘risida ijro hujjati kelib tushgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor qo‘yilgan cheklovni bekor qilish uchun aliment to‘lovlarini oldindan to‘lamoqchiligini ma’lum qilgan.
Davlat ijrochisi A.Atoyev tomonidan qarzdor va undiruvchining qonunchilikda belgilangan huquq va majburiyatlari hamda Vazirlar Mahkamasining «Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasi tuzish tartibi to‘g‘risida»gi nizomi talablari tushuntirilgan.
Shundan so‘ng, qarzdor ariza bilan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga murojaat qilib, sud qaroriga asosan aliment to‘layotganligini, hozirda alimentdan qarzi yo‘qligini, biroq, chetga chiqish huquqi cheklanganligini, undiruvchining foydasiga 5 yillik davr uchun oldindan aliment to‘lovini to‘lamoqchi ekanligini bildirgan.
Davlat ijrochisining qaroriga asosan qarzdor M.Habibovga 2022 yil avgustdan 2027 yil iyul oyiga qadar bo‘lgan davr uchun amaldagi o‘rtacha oylik ish haqi hisobidan 106.320.453 so‘m aliment to‘lovi hisoblangan.
Ijro hujjati bo‘yicha ijro etish usuli va tartibi o‘zgartirilib, qarzdor tomonidan undiruvchi foydasiga 5 yillik davr uchun biryo‘la 106.320.453 so‘m aliment to‘lovi to‘lab berildi va qarzdorga nisbatan qo‘yilgan cheklov bekor qilindi.
O‘zA