Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Alimentdan qochaman, deb o‘ylasangiz oqibati og‘ir bo‘ladi
11:54 / 2026-01-08

Denov tumanida yashovchi Shukur Ahatov (ism-sharif o‘zgartirildi) oilasidagi kelishmovchilik oqibatida yosh ona bir yoshga ham to‘lmagan qizalog‘ini bag‘riga bosib, ota uyiga ketishga majbur bo‘ldi. Oradan ancha vaqt o‘tsa-da, bolaning otasi na farzandining, na turmush o‘rtog‘ining holidan xabar oldi, na moddiy yordam ko‘rsatdi.

Qizalog‘ini yakka o‘zi boqayotgan ona qiynalgach, tegishli idoralarga murojaat etdi. Uning arizasi ko‘rib chiqilib, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan bag‘ritosh otaga nisbatan dastlab 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Ammo bu ham saboq bo‘lmadi. To‘g‘ri xulosa chiqarmadi.

Holat yuzasidan MIB Denov tumani bo‘limi davlat ijrochilari jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Surishtiruv harakatlari chog‘ida qarzdor ota bu ishining yakuni yaxshi bo‘lmasligini, otalik mas’uliyatini his etdi. Undan  qariyb 38 million so‘m aliment qarzdorligi to‘liq undirib olindi. 

– Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, aliment voyaga yetmagan farzandlar, shuningdek, mehnatga layoqatsiz ota-onaning qonuniy huquqi hisoblanadi, – deydi MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi katta inspektori Qobiljon Tursunov. – Uni to‘lash majburiyatidan bo‘yin tovlash qonun oldida javobgarlikka olib kelishi mumkin. Denovlik alimentchi otaning qilmishi ham bunga yaqqol dalil bo‘ladi. 

Aliment qarzdorligi to‘liq undirilgach, davlat ijrochilari Shukur Ahatovga jigargo‘shasi uchun belgilangan aliment mablag‘ini o‘z vaqtida to‘lab borish yuzasidan tavsiyalarini berib, uning oqibatlarini qayta tushuntirdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri