Ma’lumki, sud qaroriga asosan voyaga yetmagan farzandlarning moddiy ta’minotini ta’minlash qarzdor otaning burchidir. Lekin ayrim otalar bu mas’uliyatni unutib, aliment mablag‘larni qasddan to‘lamay kelmoqda. Ayrimlari esa, hatto qochib yurishgacha boradi.
Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi qidiruv sho‘basi inspektorlari tomonidan esa ana shunday fuqarolarni ushlab topish maqsadida muntazam ravishda tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, yaqinda ichki ishlar idoralari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda qarzdor ota Toshkent shahrida jamoat transportida yo‘lovchi sifatida ketayotganda ushlandi.
Shuningdek, norinlik A.Ahmedovdan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudining qaroriga asosan undiruvchi M.Shoyidinova foydasiga bir nafar farzandi uchun aliment undirish belgilangan.
Biroq qarzdor bir necha marotaba ogohlantirishga qaramay, farzandining moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlab kelgan. Qarzdorlik oy va yillar o‘tib 138 mln. so‘mni tashkil etgan. U 2022 yilning 3 iyunida ma’muriy javobgarlikka tortilib, 15 sutkalik qamoq jazosini oladi. Biroq undan so‘ng ham to‘g‘ri xulosa qilmay aliment to‘lamaydi va yashash joyidan yashirinish maqsadida ishlashni bahona qilib ketib qoladi. Qarzdor A.A ga nisbatan davlat ijrochisi tomonidan qidiruv e’lon qilingan.
Boz ustiga qarzdorlik endi 148,1 mln. so‘mni tashkil etadi. Olib borilgan tezkor harakatlar davomida qarzdor Toshkent shahrida avtobusdan topildi. Shundan so‘ng, Namangan viloyatiga olib kelinib, Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan ish qo‘zg‘atildi.
M.Qosimova, O‘zA