Namanganda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi hamda uning uning hududiy bo‘limlari tomonidan voyaga yetmaganlarning huquq manfaatlarini ta’minlash borasida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bunda asosiy e’tibor aliment bilan bog‘liq hujjatlar ijrosi doirasida oilalarni yarashtirish, ishsiz yurgan aliment to‘lovchilarning bandligiga ko‘maklashishga qaratilgan.
Yangi Namangan tumanida ayni shu maqsadda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilgan “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi”ga taklif etilganlarning aksariyati ish bilan band bo‘lmagan qarzdor otalar bo‘ldi. Namangan viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikdagi tadbirda Namangan shahri, Yangi Namangan va Davlatobod tumanlari hududlarida joylashgan 50 dan ortiq korxona, tashkilot o‘zlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Tadbir davomida ishsiz aliment to‘lovchilarga vakant o‘rinlari taklif qilindi, muassasalardagi mavjud sharoitlar haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.

– Mehnat yarmarkasi yakunlari bo‘yicha 11 nafar fuqaroga korxona, tashkilot va muassasalarda ishlash uchun yo‘llanma, 13 nafar fuqaroga mehnat qonunchiligi yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi, – deydi MIB Namangan viloyati boshqarmasi inspektori Muhammadjon Alijonov. – Bu kabi amaliy va foydali tadbirlar viloyatning qolgan hududlarda ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, Byuro bo‘limlari ish yurituvidagi 25 ming 346 ta aliment bilan bog‘liq hujjat ijrosini ta’minlash davomida joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 499 nafar ishsiz aliment to‘lovchining bandligiga ko‘maklashilgan.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri