Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Alimentchi ota ukasining nikoh to‘yida ushlandi
08:13 / 2025-03-18

Muzrabot tumanida yashaydigan A. Qosimov voyaga yetmagan bir farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlashni odat qildi.

Sudning 2020 yil iyul oyidagi buyrug‘i bilan aliment to‘lash belgilangan bo‘lsa-da, qarzdor ota yillar davomida yig‘ilib qolgan qariyb 36 million so‘m mablag‘ni to‘lashdan bo‘yin tovladi. Bu qilmishi uchun unga o‘tgan yil avgust oyida 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu jazodan ham tegishli xulosa chiqarmagan qarzdor ota aliment pulini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgani uchun MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi jinoyat ishi qo‘zg‘atib, surishtiruv va tergov harakatlarini boshladi.

Jigargo‘shasiga aliment to‘lamaslik maqsadida MIBdan yashiringani uchun qidiruv e’lon qilinib, ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida tezkor qidiruv tadbirlari o‘tkazildi.  

Buni qarangki, qarzdor ota ko‘cha-kuyda yoki biror uyda emas, ukasining nikoh to‘yida qo‘lga tushib qoldi. U Termiz shahridagi muhtasham to‘yxonalardan birida dimog‘i chog‘ o‘tirganida topilib, ushlandi. Bu qilmishidan pushaymon bo‘lgan A.Qosimov qonunda belgilangan javobgarlik muqarrarligini anglagan holda yig‘ilib qolgan aliment qarzdorligini to‘liq to‘lashga majbur bo‘ldi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri