Alimentchi ota farzandi uchun uy berdi
Termiz tumanida yashaydigan S.Jo‘rayev 2021 yil sudning ijro hujjati asosida voyaga yetmagan bir farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lash majburiyatini olgan. Biroq, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan.
MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, qarzdor ota yig‘ilib qolgan 32 million so‘mga yaqin aliment pulini to‘lamay kelgani uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgan. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan S. Jo‘rayevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi davlat ijrochilari olib borgan surishtiruv harakatlari chog‘ida alimentchi ota sobiq turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishib, farzandining kelajagi uchun Termiz tumanining Tinchlik mahallasidagi qurilishi tugallanmagan besh xonali uyini jigarbandiga rasmiylashtirib berdi. Undiruvchi esa alimentdan voz kechib, o‘zaro yarashganlari uchun ijro hujjatini qaytarib oldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri