Sud qarori asosvida aliment to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish qarzdor shaxsning majburiyati hisoblanadi. Biroq, ayrim hollarda aliment to‘lovchi ishsizligini ro‘kach qilib, oyma-oy farzandi moddiy ta’minotini ta’minlashda muammolarga duch keladi.
Ayni shu holatlarning oldini olish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Mahalliy hokimliklar, bandlik markazlari bilan hamkorlikda ishsiz qarzdor fuqarolarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashilmoqda. Bunda, albatta o‘tkazilayotgan mehnat yarmarkalari muhim ahamiyatga ega.
MIB Namangan viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan Pop tumanidagi yirik ishlab chiqarish korxonasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yarmarkaga ham ishsiz fuqarolar qatori aliment to‘lovchilar ham taklif etildi. Mehnat yarmarkasida hududdagi 27 ta korxona va tashkilot o‘zlaridagi 800 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Aynan tadbirga Byuroning Pop tumani bo‘limi tomonidan ishsiz bo‘lgan 12 nafar aliment to‘lovchi ham chaqirilib, ularga korxona, tashkilotlar vakant o‘rinlari, yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirib o‘tildi.
– Bitta bolamga sud qaroriga asosan aliment to‘lashim kerak. Lekin, ishsizligim sababli vaqtida to‘la olmayotgan edim, – deydi Hazratibob mahallasida yashovchi Muhammadali Kalonov. – Aynan bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkaga davlat ijrochisi tomonidan taklif etilganim ayni muddao bo‘ldi. O‘zimga ma’qul bo‘lgan “Pop mo‘rikon” jamiyatiga ishga qabul qilindim. Endi birinchi navbatda qarzdorlikni bartaraf etaman va oyma-oy farzandim moddiy ta’minotini berib turaman.
O‘tkazilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida Muhammadali Kalonov singari ishsiz aliment to‘lovchi 10 nafar fuqaro ishlab chiqarish korxonalariga yo‘llanma olishdi.
Asosiysi, MIB Pop tumani bo‘limi ish yurituvida bugungi kunda 2 ming 139 ta aliment bilan bog‘liq hujjat mavjud va ularning ijrosini ta’minlash borasida shu yilning o‘tgan uch oyi davomida 1 milliard 741 million so‘m qarzdorlik undirib berildi. Olib borilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida 99 ta oilani yarashtirishga erishildi. 44 nafar ishsiz aliment to‘lovchining bandligini ta’minlashga ko‘maklashildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA