Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aliment to‘lashdan qochib yurish insoniylikdan uzoqlashish demakdir
16:03 / 2025-11-01

Jizzaxda farzandlariga aliment to‘lashdan qochib, davlat ijrochilaridan bir necha oy yashirinib yurgan erkak nihoyat topildi.

Davlat ijrochilari 62 million so‘mdan ortiq aliment qarzi to‘planib qolgan erkakni ikkinchi turmush o‘rtog‘ining onasi, ya’ni yangi qaynonasining uyidan topishdi. U bir necha oy davomida rasmiy chaqiruvlarga javob bermasdan, turli manzillarda yashirinib yurgani ma’lum bo‘ldi.

Bunday holatlar faqat huquqiy emas, ma’naviy jihatdan ham jiddiy muammodir. Chunki aliment – faqat pul emas, balki otalik burchi, farzand oldidagi mas’uliyat va vijdonning ifodasidir. Qarzdan qochish – qonundangina emas, insoniylikdan ham uzoqlashishdir.

Afsuski, ayrim otalar aliment to‘lamaslikni iqtisodiy qiyinchilik yoki shaxsiy masala deb baholaydilar. Aslida esa bu – farzand taqdiriga beparvolik, muhabbat va burchni inkor etishdir. Jamiyatda bunday holatlarga murosasiz munosabatni kuchaytirish, mas’uliyatli otalik qadriyatlarini targ‘ib qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, aliment majburiyatlarini bajarish – bu faqat yuridik talab emas, balki insonparvarlik tamoyilidir. Davlat ijrochilari tomonidan bunday holatlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi esa, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

A. Qayumov, O‘zA muxbiri