MIB Surxondaryo viloyati Termiz tumani bo‘limida farzandining moddiy ta’minotidan bosh tortgan bir guruh alimentchi otalar ishi sayyor sud majlisida muhokama etilib, ularga nisbatan qonuniy jazo choralari qo‘llanildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlararo sudining 2015 yil aprel oyidagi sud buyrug‘iga asosan undiruvchi Z. Mirzaqulovaning foydasiga voyaga yetmagan bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun ish haqi va boshqa barcha ishlab topgan daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment to‘lash belgilangan bo‘lsa-da, qarzdor ota 13 million 462 ming so‘m qarzini to‘lashdan bosh tortib kelgani aniqlangan. O‘z jigarbandining moddiy ta’minotidan bosh tortgan qarzdor otaga sud qarori bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.

– Qonunlarimizda belgilab qo‘yilganidek, har bir ota-ona farzandlari voyaga yetguniga qadar ularning ta’lim-tarbiyasi hamda moddiy ta’minoti uchun mas’ul, – deydi MIB Termiz tumani bo‘limi boshlig‘i Bahodir Mamataliyev. – Afsuski, oramizda o‘zining ana shu burchini unutib qo‘yayotganlar ham yo‘q emas. Bunday shaxslarga nisbatan qonunchiligimizda belgilangan tartibda chora ko‘rilmoqda. Masalan, ushbu sudda qarzdor ota Ma’mur Jo‘rayevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ham ko‘rib chiqilib, tegishli jazo chorasi ko‘rildi. Sudning bu qaroridan M.Jo‘rayev to‘g‘ri xulosa chiqarib olsa, qalbida farzandlariga nisbatan mehr uyg‘onsa ajab emas.

Shoira Komilova 4 nafar farzandlarining moddiy ta’minotidan qiynalsa-da, yolg‘iz o‘zi ham ota, ham ona bo‘lib, bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanmoqda. Ota esa har gal yolg‘on va’da berishni o‘ziga kasb qilib olgan. Mushtipar onaga duch kelib qolsa, yaqin kunlarda farzandlari holidan xabar olishini va ularga g‘amxo‘rlik qilishini aytib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. U sud qarori asosida belgilangan aliment pulini to‘lashdan ham bo‘yin tovlab kelgan.

Qarzdor otaga nisbatan 2022 yil noyabr oyida aliment to‘lovlaridan yuzaga kelgan 18 million 442 ming so‘m qarzdorligi uchun 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.
Bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan ota farzandlarining moddiy ta’minotidan qasddan bo‘yin tovlab kelgani uchun unga Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Biroq, mazkur jazo ham uning zimmasidagi aliment qarzdorligini soqit qilmaydi.
Sayyor sudda yana bir aliment to‘lovchi otaning ishi ko‘rib chiqildi. Sud jarayonida taraflar o‘zaro kelishib, oila vakillari yarashishga qaror qildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri