Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aliment to‘lash ota-ona uchun jazo emas, aksincha majburiyatdir
18:37 / 2020-12-10

Turmushning mushtlaridan qutulmagan Adolat (ism, shariflari o‘zgartirilgan) kelinlik xonadonidan ota uyiga qaytdi. Qizining g‘amini yeydigan ota-ona bu yorug‘ dunyoni tark etgan, aka-ukalar o‘z tashvishlariga andarmon...

Voyaga yetmagan ikki bolaning yeyish-ichishini qo‘lida tayinli hunari bo‘lmagan Adolat qanday hal etarkan? Yolg‘iz ayol boshi bilan bolalarining kelajagiga qanday qilib qayg‘uradi? Moddiy muammolarni hal eta olishiga ko‘zi yetmagan Adolat sobiq turmush o‘rtog‘i Salimdan aliment undirish uchun sudga ariza berdi.

Sudning aliment to‘g‘risidagi hal etuv qarori chiqqan bo‘lishiga qaramasdan Salim farzandlari oldidagi otalik mas’uliyatini eslamadi. Aksincha, u Adolatni undan pul talab qilganlikda ayblab, o‘z majburiyatidan bosh tortdi.

Majburiy ijro byurosi organlarida doimo dolzarb bo‘lgan aliment ishlari bevosita voyaga yetmagan bolalarning kelajagi bilan bog‘liqdir. Endilikda, davlatimiz rahbarining joriy yilda qabul qilingan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan aliment pullarini hisoblash va to‘lash tartib-taomillari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi.

Shu maqsadda, 2021 yil 1 martdan boshlab ijro hujjatlari bo‘yicha aliment majburiyatlarini bajarish qarzdorlar tomonidan Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, mavjud ijro ishlaridagi aliment majburiyatlari bo‘yicha alohida bank hisobvarag‘i bilan integratsiya qilinib, undiruvchi (aliment oluvchi) nomiga tegishli bank kartasi rasmiylashtiriladi hamda aliment pullari, shu jumladan, qarzdorning ish haqidan ushlab qolingan aliment pullari ushbu aliment majburiyatlari bo‘yicha alohida bank hisobvarag‘i orqali mazkur bank kartasiga o‘tkaziladi.

Hozirda Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan aliment undiruvlari bo‘yicha olib borilayotgan ijro harakatlari hamda tushuntirish ishlari natijasida qarzdor shaxslar tomonidan aliment mablag‘lari oldindan to‘lab berilmoqda.

Jumladan, Byuroning Mirobod tumani bo‘limi ish yurituviga Fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘rta Chirchiq tumanlararo sudining 2012 yil 21 dekabrdagi ijro varaqasiga asosan qarzdor O.S. dan undiruvchi A.S foydasiga voyaga yetmagan ikki nafar farzandi ta’minoti uchun xar oylik ish xaqi va boshqa daromadlarining 1/3 qism miqdorida aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘yicha qarzdor ota o‘z farzandlari uchun 45 oylik aliment pullarini, ya’ni 3 ming 800 AQSH dollari ko‘rinishida farzandlari 18 yoshga to‘lgunga qadar bo‘lgan miqdor oldindan undirib berildi.

Har bir ota-ona bir narsani unutmasligi lozim: Er-xotinning kelishmovchiligidan hech bir farzand jabr ko‘rmasligi kerak. Voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minotini ta’minlash ota-ona uchun jazo emas, aksincha majburiyatdir.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA