Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aliment to‘lash — faqat huquqiy majburiyat emas
16:55 / 2026-03-04

Oila mustahkamligi — jamiyat barqarorligining tayanchi. Biroq Jizzax viloyatidagi tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ajrimlar ortishi ortidan eng og‘ir yukni bolalar ko‘tarmoqda.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev rahbarligida o‘tkazilgan kengaytirilgan tahliliy yig‘ilishda oilaviy ajrimlar va aliment undirilishi holati tanqidiy muhokama qilindi. Raqamlar vaziyatning jiddiyligini yaqqol namoyon etadi: 2025-yilda 1853 ta oilaviy ajrim qayd etilgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 157 taga yoki 9,2 foizga ko‘pdir.

E’tiborlisi, ajrimlarning 958 tasi — 51 foizi — 5 yil va undan ortiq birga yashagan oilalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Oqibatda 1378 nafar voyaga yetmagan farzand ota yoki ona mehridan mahrum bo‘lib, tirik yetimga aylangan. Bu — quruq statistika emas, balki minglab taqdirlardir.

2025-yil yakuniga ko‘ra, viloyatdagi 304 ta mahalla ajrimlar darajasi bo‘yicha toifalarga ajratildi: 135 tasi (44 foiz) “qizil”, 159 tasi (52,5 foiz) “sariq”, atigi 10 tasi (3,5 foiz) “yashil” toifaga kiritilgan. “Qizil” hududlarda profilaktika ishlari talab darajasida emasligi qayd etildi. Joriy yil yanvar oyida ajrimlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yana 13 taga oshgani esa muammo tizimli yondashuvni talab etayotganini ko‘rsatadi.

Ajrimlar ko‘payishi bilan aliment ijro hujjatlari soni ham ortib bormoqda. 2024-yilda 16,3 mingta bo‘lgan ko‘rsatkich 2025-yilda 18,6 mingtaga yetgan — 2,3 mingtaga o‘sish qayd etilgan. Ayrim tumanlarda davlat ijrochilari chaqiruviga kelmagan va qidiruvga berilgan shaxslar soni ham yuqori. Bu esa aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari hanuz dolzarbligicha qolayotganini anglatadi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mamlakatimizda bolalar manfaatlarini himoya qilish, aliment undirish tizimini takomillashtirish borasida qat’iy huquqiy asos yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oila institutini mustahkamlash, bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan farmon va qarorlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari ijrosi doirasida aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida undirish, qarzdorlarga nisbatan ta’sirchan choralar qo‘llash tizimi kuchaytirilmoqda.

Xususan, Majburiy ijro byurosi tomonidan joriy yil 25-fevral kuni mahalla binolari va masjidlarda aliment qarzi yuqori bo‘lgan shaxslar haqida fotoma’lumotlar joylashtirildi. Qonun doirasida amalga oshirilgan ushbu chora qisqa muddatda samara berdi: 26–27-fevral kunlari 1,5 milliard so‘m, 28-fevral kunining o‘zida esa 2 milliard 200 million so‘m aliment undirildi. Bu avvalgi kunlardagi o‘rtacha 250–300 million so‘mlik ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 7–8 barobar ko‘pdir.

Shuningdek, oilalar yarashuvi yoki o‘zaro kelishuv asosida ijro hujjatlarini qaytarib olish holatlari 40 foizga oshgani ham profilaktika ishlari natija berayotganini ko‘rsatadi.

Aliment to‘lash — faqat huquqiy majburiyat emas. Bu — farzand oldidagi insoniy, vijdoniy burch. Qonun jazolaydi, ammo vijdon tarbiyalaydi. Bugungi chora-tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad kimnidir sharmanda qilish emas, balki bolalarning munosib ta’minoti, sog‘lom o‘sishi va ertangi kuniga ishonchini ta’minlashdir.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbir