Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2022-yildagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor U.A.dan undiruvchi U.D. foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzand ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan edi. Mazkur ijro hujjati Byuroning Yashnobod tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushib, ijro harakatlari boshlangan.
Ijro jarayonida masalaga faqat moliyaviy majburiyat sifatida emas, balki farzandlar taqdiri nuqtai nazaridan yondashildi. Qarzdor ota aliment to‘lovlari o‘rniga salkam 1 milliard so‘m qiymatga ega bo‘lgan 3 xonali xonadonni farzandlari foydasiga rasmiylashtirib berdi.
Bu qaror, avvalo, ikki nafar farzandning o‘z uyiga, o‘z mustaqil yashash makoniga ega bo‘lishiga xizmat qildi. Endilikda ular doimiy turar joy bilan ta’minlangan holda, barqaror muhitda ulg‘ayish imkoniyatiga ega. Bu esa oyma-oy aliment to‘lovidan ko‘ra uzoq muddatli va kafolatli ijtimoiy himoya shakli hisoblanadi.
Muhimi, mazkur holat ota o‘z farzandlari taqdiriga befarq emasligini, ularning kelajagi uchun mas’uliyatni his etgan holda amaliy qadam tashlaganini ko‘rsatadi. Tomonlar kelishuviga asosan ijro ishi tamomlandi.
Hamroz Bayanov,
O‘zA