French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Alibaba global” savdo maydoni - tadbirkorlar uchun keng imkoniyat
15:37 / 2022-09-27

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyning uchta eng yirik internet-korporatsiyasi “BAT” deb yuritiladi. Ularning biri – “Baidu” biz yaxshi bilgan «Yandeks» kabi qidiruv tizimi, ikkinchisi – “Alibaba Group” elektron tijorat platformasi, uchinchisi esa “Tencent”, ya’ni ijtimoiy tarmoq va o‘yinlar maydoni hisoblanadi. Yaqinda mamlakatimiz ham “Alibaba global” nomli savdo maydonchasida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. O‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqda keng muhokama qilingan bu xabar fuqarolarimiz tomonidan ijobiy kutib olindi.

“Alibaba.com”  yillik aylanmasi 106 milliard dollarni tashkil etadigan Xitoyning yetakchi IT sohasiga ixtisoslashgan savdo platformasidir. “Taobao.com”, “Tmall”, “Alibaba.com”, “AliExpress” kabi veb-portallarni jamlagan kompaniyaning asosiy faoliyati V2V shaklida savdo operatsiyasi va onlayn chakana savdo tashkil qilishga yo‘naltirilgan.

Mazkur nufuzli xalqaro elektron savdo maydonida MDH mamlakatlari orasida Rossiya va Qozog‘istondan keyin uchinchi bo‘lib mamlakatimiz milliy paviloni rasman ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston bo‘lagiga 4800 dan ko‘p turdagi tovarga ega 50 dan ziyod mahalliy kompaniya kiradi.

Bu natijaga erishilishida muhim hujjat - Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Eksportni rag‘batlantirish agentligi va “Alibaba Group” korporatsiyasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Endi Xitoyning ulkan elektron savdo bozori orqali milliy mahsulotlarimiz eksporti yo‘lga qo‘yildi.

Shartnoma doirasida Agentlik tovarlarni “Alibaba marketpley”da ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 70 ta mahalliy eksportchi korxonaga 4.6 milliard so‘m miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatdi.

Yangi uzilgan va quritilgan meva-sabzavot, tayyor to‘qimachilik va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi, sayyohlik xizmati ko‘rsatuvchi kompaniyalarimiz bugungi kunga qadar 67.1 million dollarlik mahsulot eksport qilishga muvaffaq bo‘ldi. Muhimi, ushbu platformada o‘zbek eksportchilari va ishlab chiqaruvchilari safi kun sayin kengaymoqda. 2022 yil oxiriga kelib, bu miqdorni 100 ga yetkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari xitoylik mutaxassislarni jalb qilgan holda 300 dan ortiq mahalliy korxona vakili uchun ushbu elektron platforma imkoniyatidan samarali foydalanish bo‘yicha 4 ta seminar-trening o‘tkazildi. Yil oxirigacha jami 500 korxona mutaxassislarini shunday mashg‘ulot bilan qamrab olish ko‘zda tutilgan.

Hozirgi kunda “Alibaba” platformasida doimiy faoliyat ko‘rsatadigan milliy pavilonimizda 3 ta asosiy tarmoq – to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatiga mansub 100 dan ziyodq turdagi sifatli va ommabop mahsulot bor.

Yil oxiriga qadar bu yerda elektr texnikasi, mebel va aksessuar, charm-poyabzal mahsulotlari, sport anjomi, bolalar o‘yinchog‘i singari yangi tarmoq sahifalari ochilishi rejalangan. Natijada eksportga yo‘naltirilgan tovar pozitsiyalari soni 300 ga yetadi. Muntazam ravishda O‘zbekiston tovarlari bilan yangilab boriladigan mazkur pavilonda sun’iy intellektdan foydalangan holda sotuv tashkil etish, xaridor reytingini yuritish va sharh asosida avtomatik ravishda tanlab olinadigan eng ommabop, sifatli mahalliy mahsulotlar joylanadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, Eksportni rag‘batlantirish agentligi ayni tashabbusni tizimli ravishda ilgari surishda davom etmoqda. Joriy yil 8-15 oktyabr kunlari Toshkentda “Alibaba Group” korporatsiyasi bilan hamkorlikda elektron tijorat forumi, tadbirkorlar uchun seminar va trening, shuningdek, savdo maydonchasi orqali eksport qilishga qiynalayotgan tadbirkorlar uchun mahorat darsi va individual konsultatsiya uyushtiriladi. Mashg‘ulotda ushbu xorijiy kompaniyaning 5 nafar yetakchi eksperti ishtirok etadi. Tadbir qamrov borasida nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun MDH hududida eng yirik anjumanga aylanishi kutilyapti.
 

G.Sattorova,
O‘zA