Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ali Qushchining ilmiy faoliyati qanday o‘rganilmoqda?
16:23 / 2025-11-26

Ma’lumki, yurtimiz ilm-fani, boy ma’naviy merosimizni asrab-avaylashda Mirzo Ulug‘bekning shogirdi – Ali Qushchining xizmatlari beqiyos.

Ali Qushchi ilmiy merosining o‘rganilishi haqida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishi bo‘lim boshlig‘i Nodira Mustafoyeva brifing jarayonida batafsil ma’lumot berdi.  

Brifing O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yildagi «Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan “Bursa – Samarqand – Istanbul shaharlari bo‘ylab «Qozizoda Rumiy – Mirzo Ulug‘bek – Ali Qushchi» ilmiy ekspeditsiyasini tashkil etish” topshirig‘i ijrosiga bag‘ishlandi.

Ta’kidlanganidek, Ali Qushchining to‘liq nomi Alouddin Ali ibn Muhammad al-Qushchi bo‘lib, u Samarqandda tug‘ilib o‘sgan. Ali Qushchi XV asrda ilmiy faoliyat ko‘rsatgan mashhur matematik va astronom olimlardan biri edi. Mirzo Ulug‘bek Ali Qushchini o‘z rasadxonasidagi qurilish ishlariga va astronomik kuzatishlarga mutasaddi qilib tayinlagan edi. Ali Qushchi umrining ko‘p qismini Samarqandda o‘tkazadi. Mirzo Ulug‘bek o‘limidan so‘ng Ali Qushchi Samarqandni tark etadi. 1472 yil bahoridan boshlab Turkiyadagi Ayo Sofiya madrasasiga bosh mudarris sifatida faoliyat yuritadi. Ali Qushchi Istanbuldagi Abu Ayyub Ansoriy maqbarasida dafn etilgan.

Uning merosini o‘rganish maqsadida olimlarimizning Turkiyaga safarlari amalga oshirildi. Xususan, 2024 yilning 18-20 noyabr kunlari ilmiy guruh Turkiyaga ilmiy ekspeditsiya tashkil etdi.  

2024 yil 19 noyabr kuni olimlarimiz Turkiyada Ali Qushchi vafotining 550 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro simpoziumda ham ishtirok etdi. Ilmiy delegatsiyaning Turkiyaga tashrifi natijasida Ali Qushchining o‘g‘li Qozi Abdurahmon Afandi tomonidan yozilgan “Ravnaqul bo‘ston” asari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi.  

Islom sivilizatsiyasi markazining “Ikkinchi Renessans” nomli ekspozitsiyalarida Islom dunyosining ilmiy va madaniy yutuqlari, shu jumladan fan, matematika, astronomiya, tibbiyot va falsafadagi yuksak ilmiy-madaniy merosi namoyish etiladi. Ali Qushchiga oid asarlar, ularning qo‘lyozmalari, faksimil nusxalari va nashrlari hamda astronomik jihozlar namoyishga qo‘yildi.  

2024 yil 13 dekabr kuni YUNESKO bosh qarorgohida buyuk olim Ali Qushchining ilmiy merosiga bag‘ishlangan tadbirda FA vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimovning videomurojaati namoyish etildi. Xalqaro anjuman doirasida Turkiya Qo‘lyozmalar boshqarmasi tashabbusi bilan Ali Qushchi hamda uning davriga oid qo‘lyozmalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.  

2025 yilning 16-17 oktyabr kunlari Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti olimlari Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan ilmiy-amaliy tadbirda ishtirok etdi. Tadbir jarayonida turkiyalik olimlar bilan Ali Qushchi ijodi bo‘yicha keng ilmiy muhokamalar o‘tkazildi.  

Jumladan, Ali Qushchi ijodi bilan shug‘ullanayotgan turkiyalik olimlar bilan muloqot va fikr almashuvlar bo‘ldi. Shu bilan birga, olimlarimiz Sulaymoniya kutubxonasining Ayo Sofiya kolleksiyasida saqlanayotgan Ulug‘bek akademiyasi yirik vakili Ali Qushchi merosiga tegishli bir qancha qo‘lyozma nusxalari bilan tanishdi.  

Shu bilan birga, Ali Qushchining O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan 7 ta asari qo‘lyozmasi haqida ma’lumot, shuningdek, jahon kutubxonalari va muzeylarida olim qalamiga mansub 23 ta asar qo‘lyozmasi bo‘yicha ma’lumot tayyorlandi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Ali Qushchining butun hayoti va ijodi fan yo‘lida sarflandi. Ali Qushchining ilmiy asarlari Ulug‘bek «Zij»idek shuhrat qozonmagan bo‘lsa ham, uning ijodi fan tarixida nihoyatda muhim o‘rin tutadi. Ali Qushchi o‘rta asrlardagi Movarounnahrda rivoj topgan aniq fanlar sohasidagi buyuk olimlar biri hisoblanadi. U o‘z asarlari va ustozi Ulug‘bek bilan hamkorligi tufayli o‘z nomini tarix sahifalariga abadiy kiritdi.  

N.Usmonova, O‘zA