Mulohaza
Hozirda ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. U nafaqat muloqot maydoni, balki axborot almashinuvi, biznes yuritish, shaxsiy brend yaratish va hatto, ijtimoiy fikrni shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Raqamli platformalar orqali millionlab insonlar o‘z bilim va salohiyatini namoyon etib, halol mehnat evaziga iqtisodiy barqarorlikka erishmoqda. Biroq ijtimoiy tarmoqlarning ham ko‘pincha e’tibordan chetda qoladigan tomonlari mavjud…
Endilikda, texnologiya rivoji orqali kontentlar nafaqat smartfon va kameralarda, balki turli xil zamonaviy gadjetlarni ham qamrab olgan. Misol uchun, u quloqchin, ko‘zoynak, soat yoki boshqa qurilmalar shaklida bo‘lishi mumkin. “Meta” va “Ray-Ban” kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan kamerali, aqlli ko‘zoynaklar bunga yaqqol misoldir. Aslida bu texnologiya sayohatchilar, jurnalistlar va kontentmakerlar uchun qulay va innovatsion vosita hisoblanadi. U real voqealarni tabiiy holatda tasvirga olish, ijodiy imkoniyatlarni kengaytirish uchun xizmat qilishi kerak. Ammo ayrim hollarda ushbu texnologiya jamiyat axloqiy me’yorlariga zid bo‘lgan maqsadlarda qo‘llanilmoqda.
Xususan, jamoat joylarida sahnalashtirilgan “oldi-sotdi”lar, ko‘p hollarda qarshi tomonning roziligisiz tasvirga olish, yarim-yalang‘och ayollarni kadrga tushirish, haqoratli yoki uyatsiz izohlar bilan tarqatish kabi holatlar kuzatilmoqda. Bunday kontentlar na bilim beradi, na jamiyatni rivojlantiradi. Aksincha, ularni eng past darajadagi instinktlar hisobiga obunachi va ko‘rishlar sonini oshirishga qaratilgan.
Albatta, savdo-sotiq, reklama, marketing yomon emas. Agar u to‘g‘ri yo‘naltirilgan bo‘lsa, iqtisodiy o‘sish va bandlikni ta’minlaydi. Ammo inson sha’ni va or-nomusi hisobiga “kontent” qilishni oqlab bo‘lmaydi. Bu yerda gap shaxsiy did yoki erkinlik haqida emas, balki ijtimoiy mas’uliyat haqida ketmoqda.
Ko‘pincha “Ko‘rmaslik ham o‘z qo‘lingizda”, “Har kimning shaxsiy tanlovi bor” degan fikrlar ilgari suriladi. Biroq muammo shundaki, ijtimoiy tarmoqlarni faqat ongli, mustahkam dunyoqarashga ega bo‘lgan insonlar emas, balki hali shaxs sifatida to‘liq shakllanmagan yoshlar va bolalar ham tomosha qilmoqda.
Millatning kelajagi uning yoshlaridir. Yoshlar ongiga singayotgan har bir tasvir, har bir g‘oya ularning dunyoqarashini shakllantiradi. Agar biz bugun axloqsizlikni ommalashtirsak, ertaga undan ma’rifat kutish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi? Shu bois, hamma narsani “hazm” qilib ketaverish jamiyat uchun eng xavfli holatlardan biridir.
Bu yerda hamma mas’uliyat faqat kontent yaratuvchilargagina yuklanmaydi. Tomoshabin, obunachi va trendni ko‘tarayotgan omma ham bevosita javobgardir. Chunki, talab bor joyda taklif paydo bo‘ladi. Ikki og‘iz beo‘xshov gap yoki behayo sahna orqali mashhurlikka erishayotganlar aslida bizning e’tiborimiz, layk va ko‘rishlarimiz hisobiga tanilmoqda.
Yaxshilik, ilm, ma’rifat va madaniyatni targ‘ib qilayotgan insonlar har doim ham mashhur bo‘lavermaydi. Ammo aynan ular jamiyatni oldinga siljitadi. Agar biz ilmli, tarbiyali, mas’uliyatli g‘oyalarni ko‘proq qo‘llab-quvvatlasak, algoritmlar ham, maydon ham asta-sekin o‘zgaradi.
Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlar – bu qurol. U bunyod ham qilish mumkin, vayron ham. Trend va ko‘rishlar soni vaqtinchalik, ilm va yaxshilik esa abadiy qadriyatdir.
Dildora Do‘smatova, O‘zA