French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aldashga ustomonlar ko‘pmi yoki aldanishga moyil odamlar?
14:06 / 2025-11-07

Aldov yo‘li bilan o‘zganing mulki, mablag‘ini qo‘lga kiritadigan “ustasi farang” firibgarlar uchrab turadi. Ularga duch kelganda, sal hushyor bo‘lish, aytayotgan gaplarini tekshirib, surishtirib ko‘rish kerak bo‘ladi.

Ammo, oramizda quruq gapga, berilgan va’daga ishonadigan sodda kishilar, boshqacha aytganda, aldanishga moyil odamlar ham uchrab turadi. Bo‘lmasa, bir emas, uch martalab quruq va’daga ishonib, topganini qo‘sh qo‘llab birovga tutqazib yuboradiganlar bo‘lmasdida.

Bir ayoldan uch marta aldangan ayol chilonzorlik do‘kon sotuvchisi N.B.  bo‘ladi. U do‘konga kelgan G.M. bilan hamsuhbat bo‘ladi. Sotuvchining turmush o‘rtog‘iga ish kerakligini bilgan G.M. vaziyatdan unumli foydalanib, “Lukoyl” kompaniyasida tanishlari borligini, xohlasa, ishga joylab qo‘yishini aytadi. Shu quruq gapga laqqa ishongan sotuvchi unga 750 dollar beradi. 

Keyingi safar do‘konga kelgan G.M. 1,5 ming dollarga Jahon tillari universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishi mumkinligini aytadi. Pulni osonlikcha qo‘lga kiritganidan keyin firibgarlikni kasb qilgan ayol sotuvchining aldanishga moyilligini bilgani uchun ham boshqa yolg‘on va’dalarga o‘tadi. Sergeli tumanidan uy olib berishni va’da qilgan ayolga N.B. yana 1,8 ming dollar beradi. 

Chilonzorda ishlari “yurishib” ketganidan mamnun ayol jinoiy harakatlarini davom ettiradi. “Dilobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro L.R. uning navbatdagi o‘ljasiga aylandi. Uning turmush o‘rtog‘ini tanishlari orqali “Lukoyl” kompaniyasiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, 700 dollarni qo‘lga kiritadi. 

Shu mahallada istiqomat qiluvchi A.M. “hojatbaror” haqida eshitib,  Alfraganus universitetidagi o‘qishini Toshkent tibbiyot akademiyasiga ko‘chirib berishni so‘raydi. G.M. o‘z oyog‘i bilan kelgan o‘ljani rad etib o‘tirmadi, aksincha undan 2 ming dollarni sanab oldi. 

“Barakali” chiqqan shu mahalladan u yana 3,2 ming dollar undirdi. Chunki S.I.ning Ukrainadagi o‘qishini Toshkent tibbiyot akademiyasiga “ko‘chirib” berish kerak edi. 

Albatta, har qanday qing‘irlikning oxiri baribir boshi berk ko‘cha bo‘ladi va yakuniga yetadi. 

– Sud majlisida sudlanuvchi G.M. e’lon qilingan ayblovga to‘liq iqrorligini bildirdi, – dedi Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi sudyasi Sarvar Mamadiyev. – Uning jinoyat sodir etishdagi aybi fuqaroviy da’vogar va jabrlanuvchilarning bergan ko‘rsatmalaridan tashqari, surishtiruv davrida to‘plangan hujjatlar, jinoyat ishi bo‘yicha to‘plangan, tekshirilgan, ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholangan dalillar majmui bilan to‘liq isbotlandi.

Aytib o‘tish kerakki, 1974 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan, 3 farzandning onasi bo‘lgan G.M. oliy ma’lumotli bo‘lsa ham hech qayerda ishlamas edi. Avval u o‘g‘rilik, talonchilik va firibgarlik jinoyatlari uchun o‘n martaga yaqin sudlangan. Ya’ni, xavfli retsidivist edi. 

Sud sudlanuvchiga nisbatan jazo turi va miqdorini tayinlashda, jinoyatni g‘arazli maqsadlarda sodir etganini jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar, deb topdi. Ayblovga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligi, ayol kishi ekanini esa jazoni yengillashtiruvchi holatlar, deb baholadi. 

G.M. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildi. Unga shu modda bo‘yicha Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 

Jinoyat kodeksi 60,61-moddalari tartibida, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudining 2021 yil fevral oyidagi hukmi yuzasidan jazoning o‘talmagan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun  sudlanuvchiga 5,1 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 

Sudlanuvchi G.M.ga nisbatan qo‘llanilgan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi aslicha qoldirildi. Sudlanuvchidan jabrlanuvchilar foydasiga yetkazilgan zararlar undirilishi belgilandi.

Norgul Abduraimova,

O‘zA