Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Albatta bojxonachi bo‘laman
20:35 / 2022-11-03

Yurtimiz sarhadlari, davlat ostonasi, mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligi, kontrabandaga qarshi kurash kabi tushunchalarning barchasi bojxona organlari faoliyatini o‘zida mujassam etadi.

Bugun bojxona tizimida xizmat qilishdek sharafli kasb egasi bo‘lish ko‘pchilik yoshlarimizning orzusi. Bu orzu ularni o‘qib, o‘rganib, katta ishonch bilan olg‘a qadam tashlashga chorlamoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 22 apreldagi “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni bilan bojxona organlariga ishga qabul qilishda ochiqlik tamoyillariga asoslanish lozimligi qat’iy belgilab berilgan edi. Shuningdek, Muhtaram Prezidentimizning “Sohada adolat, halollik va tartibni joriy qilishni xohlar ekanmiz, tizimga ayol xodimlarni jalb qilish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishimiz shart” degan iboralariga sodiq qolgan holda bojxona idoralarida xizmatni o‘tashga shay xotin-qizlar uchun alohida ochiq tanlov e’lon qilinishi yo‘lga qo‘yildi.

Bugun davlat bojxona qo‘mitasi va hududiy boshqarmalarda “Tosh-aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida xizmat qilish uchun Davlat bojxona qo‘mitasining rasmiy veb saytida ariza qoldirgan nomzodlar birinchi bosqichda saralandi. Ular uchun onlayn platformada integratsiyalangan tizimlar orqali psixologik testlar to‘plami taqdim etildi va barcha studiyalar zum-videokonferens aloqasi orqali jonli tarzda bog‘landi.

Bu yil ilk marotaba amaliyotga tatbiq etilayotgan ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslangan elektron tizimlar orqali saralash bosqichlarining yana bir ahamiyatli tomoni shunda bo‘ldiki, alohida xonada nomzodlarning yaqinlari uchun test topshirish jarayonlarini onlayn kuzatish imkoniyati yaratildi. Test javoblari esa har bir nomzodga “tugallash” tugmasini bosishi bilan avtomatik tarzda taqdim etilmoqda.

Bu kabi yaratilgan sharoitlar esa hech bir nomzodda shubha-gumon qoldirmasdan, o‘z bilim va salohiyati darajasini shu onning o‘zida bilish imkonini yaratmoqda.

Hozirda maktabda o‘qituvchilik qilib kelayotgan Nazokat Yo‘ldosheva yoshligidan bojxonachi bo‘lishni orzu qilgan. U bo‘sh ish joyi bo‘yicha e’lonni ko‘rib darhol ariza topshirgan.

–Jarayonlarning onlayn tarzda shaffof amalga oshirilayotganligi sohaga bo‘lgan qiziqishim va hurmatimni yanada orttirdi – deydi u. –Bugun psixologik testdan muvafaqqiyatli o‘tdim va kelasi bosqichlarga ham puxta tayyorgarlik ko‘rib, albatta bojxonachi bo‘laman.

Bojxona tizimida chuqur bilim va salohiyatga ega, haqiqiy vatanparvar xodimlarning xizmat qilishi, sohaning yanada rivojlanib, korrupsiyadan holi tizimga aylanishiga zamin yaratadi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri