Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Alan” konida kunlik qo‘shimcha 1 million metr kub gaz qazib olish imkoni yaratildi
15:42 / 2021-03-01

Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi “Alan” konida 2-sonli Siquv kompressor stansiyasi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda soha va keng jamoatchilik vakillari hamda xorijlik mehmonlar ishtirok etdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev “Alan” konida yangi qurilgan past bosimli Siquv kompressor stansiyasining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.

– Ushbu kondagi qoldiq gaz zaxirasini (25 milliard kub metr) maksimal darajada qazib olish maqsadida ikkinchi siquv kompressor stansiyasini qurishga qaror qildik, – dedi M.Abdullayev. 

– Loyiha bosh pudratchisi va hamkorimiz “ENTER Engineering” kompaniyasi tomonidan qisqa muddatda qiymati 75 million dollarlik texnologik ob’ekt qurib bitkazildi. Zamonaviy gaz-turbina uskunalari va kompressorlar yetakchi xorijiy kompaniyalar, ya’ni AQSHning “Baker Hughes General Electric”, Ukrainaning “Motorsich”, Turkiyaning “Akcelik”, Xitoyning “Denair Energy” va boshqa kompaniyalar tomonidan yetkazib berildi. Mazkur qurilmaning ishga tushirilishi natijasida kunlik qo‘shimcha 1 million metr kub gaz qazib olish imkoni yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 26 yanvardagi «2017 yilda Respublikada neft, neft mahsulotlari, tabiiy gaz va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hamda iste’mol qilish to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida qurilgan past bosimli siquv kompressor stansiyasi “O‘zbekneftgaz” AJ, “Natural Gaz-Stream” qo‘shma korxonasi va “ERIELL OILFIELD SERVICES MIDDLE EAST DMCC” kompaniyasi xamkorligida amalga oshirildi.

Ta’kidlash kerakki, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining “Alan” siquv kompressor stansiyasi kunlik 9,137 million metr kubgacha sanoat gazini utilizatsiya qilish imkoniyatiga ega. 2021 yilda ushbu kondan 2,771 milliard metr kub tabiiy gaz va 69,6 ming tonna gaz kondensati qazib olish ko‘zda tutilgan.

Tadbir yakunida ushbu stansiya qurilishida faollik ko‘rsatgan ishchi-xodimlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA