Joriy yilning 26-30 may kunlari Urganch davlat universitetida matematika bo‘yicha Al-Xorazmiy nomidagi III xalqaro olimpiada o‘tkazildi.
Ushbu nufuzli musobaqada dunyoning yetakchi mamlakatlaridan Braziliya, AQSH, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Malayziya, Yaponiya, Vetnam, Rossiya, Serbiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston kabi davlatlardan, shuningdek, O‘zbekistonning turli oliy ta’lim muassasalaridan matematika sohasidagi iqtidorli talabalar qatnashdi.
Olimpiada davomida ishtirokchilar murakkab va qiziqarli matematik masalalarni yechib, o‘z bilimlarini namoyish etdilar.
– Musobaqalar juda yuqori darajada tashkil etildi, – deydi AQSHning Koliforniya shtatidagi Stanford universiteti talabasi Karl Sheyldkrout. – Dunyoning turli burchaklaridan kelgan eng kuchli matematiklar bilan kuch sinashib, ushbu nufuzli musobaqada ishtirok etganimdan xursandman. Sinovlarda o‘z mahoratimizni, bilimizni to‘liq namoyon qilishimiz uchun barcha sharoit yaratib berildi. Buning uchun tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Go‘zal Xiva shahriga bo‘lgan sayohat bir umr xotiramda qoladi.
Olimpiadaning jamoaviy bahslari natijalariga ko‘ra, Xitoyning Fan va texnologiya universiteti maksimal 210 baldan 189 balni to‘plab 1-o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rinni Janubiy Koreyaning Seul milliy universiteti 187 ball bilan qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin esa 186 ball Xitoyning Nankai universitetiga nasib qildi.
Shuningdek, individual musobaqa g‘oliblari ham munosib taqdirlandi. O‘z bilim va mahoratlarini to‘la namoyon etgan ishtirokchilarga 10 ta oltin medal, 19 ta kumush medal hamda 27 ta bronza medal taqdim etildi.
Jamoalar murabbiylari ham e’tirof etilib, munosib taqdirlandi.
–Bu natijalar olimpiadada qatnashgan talabalar va ularning murabbiylari tomonidan katta muvaffaqiyat sifatida qabul qilindi, – deydi matematik olim, O‘zFA akademigi, professor Shavkat Ayupov. - Olimpiadaning xalqaro miqyosdagi ahamiyati, yosh avlodni ilm-fanga jalb qilishdagi o‘rni juda katta deb bilaman. Bunday musobaqalar mamlakatimiz ilm-fan va ta’lim sohasida jahon hamjamiyatida o‘z o‘rnini mustahkamlashiga xizmat qiladi.
Al-Xorazmiy nomidagi III xalqaro matematika olimpiadasining tantanali yopilish marosimi milliy kuy-qo‘shiqlar bilan ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. An’anaviy va zamonaviy musiqiy chiqishlar marosimga o‘ziga xos rang-baranglik olib kirib, ishtirokchilar va mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat, video),
O‘zA muxbirlari