Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida matematika bo‘yicha o‘tkazilayotgan Al-Xorazmiy nomidagi III xalqaro olimpiadaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda Xorazm viloyat hokimi o‘rinbosari San’at Salayev so‘zga chiqib, nufuzli olimpiadaning xalqaro ahamiyati va matematika sohasi rivojidagi o‘rni to‘g‘risida gapirdi.
Shuningdek, tadbirda Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlar markazi direktori o‘rinbosari M.Esonov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori o‘rinbosari A.Xudoyberdiyev, Urganch davlat universiteti rektori vazifasini bajaruvchi S.Xodjaniyazov hamda Kaliforniya davlat universiteti professori, olimpiadaning hakamlar hay’ati raisi Z.Ibragimov ham mazkur olimpiada musobaqasi O‘zbekistonda uchinchi marotaba o‘tkazilayotgani va talabalar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishlari uchun yaxshi imkoniyat ekanligini ta’kidladi.
[gallery-23615]
Olimpiadaning asosiy bahslari 28-29 may kunlari “Yoshlik” sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.
Unda Braziliya, AQSH, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Malayziya, Yaponiya, Vetnam, Rossiya, Serbiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston kabi dunyoning yetakchi mamlakatlari, shuningdek, yurtimizning ko‘plab oliy ta’lim muassasalaridan jami 218 nafar ishtirokchi matematikaning eng murakkab jumboqlariga mantiqiy va ijodiy yondashuv bilan yechim izlaydilar.
Ushbu xalqaro olimpiadani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, iqtidorli talabalarning xorijiy mamlakatlardagi tengdoshlari bilan do‘stona raqobatlashish muhitini yaratish, yoshlarning matematika fanini chuqur o‘rganishga qiziqishlarini oshirishdan iborat.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA