Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Al - Xorazmiy izdoshlari
15:30 / 2025-02-28

Urganch shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktabda Al-Xorazmiy nomidagi aniq va tabiiy fanlar olimpiadasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Buyuk donishmand, matematik olim Muhammad al-Xorazmiyning butun dunyo fani va sivilizatsiyasi rivojlanishiga qo‘shgan hissasi xalqaro miqyosda tan olingan. Olimpiadaning maqsadi ham buyuk ajdodimizning izdoshlarini aniqlash barobarida bilimli o‘g‘il-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni boshlang‘ich va aniq fanlar bilan shug‘ullanishga keng jalb qilishdir.  

Mazkur olimpiada umumta’lim maktablarining 7-8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida aniq va tabiiy fanlardan tashkil etilgan bo‘lib, tuman va shahar bosqichida g‘olib bo‘lgan 336 nafar iqtidorli o‘quvchi ishtirok etdi.  

O‘quvchilarga matematika, fizika va kimyo fanlaridan berilgan test savollarini yechishi uchun uch soat vaqt ajratildi. Ular bu vaqt ichida maktabda va mustaqil ravishda o‘zlashtirgan bilimlarini namoyon etdilar.

– Uchta fandan 45 ta test savoliga javob berdim, – deydi Xiva shaharidagi Prezident maktabi o‘quvchisi Valijon Norimov. – Biroz qiyinroq savollar ham bor ekan. Aniqlik bilan barcha savollarga javob berishga harakat qildim. Olimpiadada ishtirok etish uchun uch oydan ko‘proq o‘z ustimda ishladim. O‘qituvchilarim, ota-onam bunda menga yordam berishdi. Ularning ishonchini oqlab, halqaro olimpiadalarda ham bor bilimlarimni ishga solaman. Al-Xorazmiy bobomning chinakam avlodi bo‘lishga harakat qilaman.  

Olimpiadaning viloyat bosqichini o‘tkazish uchun tashkilotchilar tomonidan zarur shart- sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ota-onalar va o‘qituvchilar o‘quvchilarning imtihon jarayonlari shaffof va adolatli o‘tayotganligini monitor orqali onlayn kuzatib borishdi.  

Natijalaga ko‘ra, 7-sinf o‘quvchilari o‘rtasidagi aniq fanlar yo‘nalishida Urganch shahar 1-ixtisoslashtirilgan maktab- internat o‘quvchisi Zarina O‘ktamboyeva 1-o‘rinni egalladi. 8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida esa Yangiariq tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Tohirjon Tairov eng yuqori natijani qayd etdi. Xalqaro iqtisod olimpiadasi (IEO) viloyat bosqichida Xiva shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Valijon Norimov g‘olib bo‘ldi.

[gallery-22028]

Shuningdek, tabiiy fanlar yo‘nalishida 7-sinflar o‘rtasida Urganch tumani 45-sonli ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi Ulug‘bek Botirboyev va 8-sinflar o‘rtasida Qo‘shko‘pir tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Mehriddin Masharipov birinchi o‘ringa loyiq deb topilgan bo‘lsa, xalqaro geografiya olimpiadasi(IGEO)ning viloyat bosqichida Urganch shahridagi 1- son ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchisi Doniyor Matyaqubov g‘olib bo‘ldi.  

Olimpiadaning hududiy bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar joriy yilning mart oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan mamlakat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar.  

Ahmadjon Shokirov,

Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari