FOTOREPORTAJ
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanib, barcha sohalarda axborotlashtirish jarayoni yuqori sur’atlarda davom etayotgan bugungi davrda mazkur sohada malakali mutaxassis kadrlarga bo‘lgan talab ham keskin ortmoqda.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab ayni yo‘nalishda malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan tashabbuslardan biridir. Mazkur maktabning Samarqanddagi filialida ham aniq fanlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga qiziqishi yuqori bo‘lgan o‘quvchi yoshlarning tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha chuqur bilim olishi uchun yetarlicha sharoitlar yaratilgan. Xususan, ushbu ta’lim maskanida bugungi kunda 500 nafardan ortiq o‘quvchi IT yo‘nalishida ta’lim olmoqda.
[gallery-25919]
- Ta’lim maskanimiz 504 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, pedagogik jamoamiz belgilangan tartib asosida o‘quvchilarning aniq fanlar va IT yo‘nalishida chuqur bilimga ega bo‘lishida fidoyilik bilan faoliyat yuritmoqda, - deydi maktab direktori Javlon Muyassarov. – Maktabda o‘quvchilarning bugungi kun talabi bo‘yicha tahsil olishi uchun yetarli sharoitlar yaratilgan. Muassasamizda 58 ta o‘quv xonasi, 6 ta kompyuter xonasi, robototexnika xonasi, fizika, biologiya, kimyo laboratoriya xonalari, STEAM xonasi, 7 ta xorijiy til xonasi, kutubxona, 250 o‘rinli faollar zali, sport zali, yozgi sport maydoni, 250 o‘rinli oshxona, 224 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxona mavjud bo‘lib, o‘quvchilarning bilim olishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktab jamoasi o‘z oldiga qo‘yilgan vazifa va marralarni zabt yo‘lida yoshlarga zamon talabiga mos tarzda ta’lim berish maqsadida doimo harakatda. O‘quvchilar ham o‘z navbatida o‘qish va o‘rganishga bo‘lgan yuqori qiziqishi bilan ta’lim jarayonlariga mas’uliyat bilan yondashmoqda. O‘quvchilarning fanlarni bilish, o‘zlashtirish bo‘yicha turli darajadagi milliy va xalqaro miqyosdagi sertifikatlarni qo‘lga kiritayotgani ilm maskanida ta’lim-tarbiya berish jarayoni belgilangan me’yorlar asosida tashkil qilinganidan dalolatdir.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA