O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 maydagi "Prezident iqtidorli farzandlari" tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga binoan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati tashkil etildi.
Mazkur maktab to‘liq akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy jihatdan mustaqil davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti hisoblanadi.
2025-2026-o‘quv yili uchun Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatiga kirish uchun hujjatlar iyun oyida onlayn qabul qilindi.
Mazkur vaqt davomida 16 ming 532 ta talabgor o‘quvchidan ariza kelib tushdi hamda bir o‘ringa o‘rtacha hisobda 103 nafar talabgor to‘g‘ri kelmoqda.
Imtihon sinovlari ikki bosqichda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilning 12 iyul kuni 1-bosqich kirish imtihonlari mamlakatimizning 13 ta hududida o‘tkazildi.
Sinov jarayonlari Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 27 maydagi 214-son qarori asosida matematika va ingliz tili fanlaridan (har bir fan bo‘yicha 40 ta topshiriqdan iborat test shaklida) tashkil etildi.
[gallery-24279]
Matematika fani uchun 90 daqiqa, ingliz tili fani uchun 40 daqiqa vaqt berildi.
Ikkinchi bosqichda birinchi bosqich natijalari bo‘yicha eng yuqori natija qayd etgan 300 nafar nomzod uchun sinovlar tashkil etiladi.
Jarayonlar iyul oyi yakuniga qadar Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bunda nomzodlar matematika fanidan 5 ta masala va ingliz tilidan 4 ta yozma ish (esse) yozishlari talab etiladi.
Ikkinchi bosqich imtihonda eng yuqori natija qayd etgan 60 nafar o‘quvchi maktabga qabul qilinadi.
Mazkur xalqaro maktabga bu yilgi 8-sinf bitiruvchilari orasidan 60 nafar o‘quvchi saralab olinadi va ular 3 ta yo‘nalishda o‘qitiladi.
Maktab bitiruvchilariga davlat namunasidagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjat (shahodatnoma) bilan bir qatorda, yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirish imkoniyatini beruvchi xalqaro ta’lim dasturi diplomi beriladi.
Maktabda o‘quvchilar ingliz tilidan tashqari kamida yana bitta qo‘shimcha xorijiy tilga o‘qitiladi.
N.Nasriyev, R.Nazarmatov (surat), O‘zA