Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatiga kirish imtihonlari o‘tkazildi
13:23 / 2025-07-12

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2025 yil 15 mayda “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi loyihasi doirasida tashkil qilingan Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatiga kirish istagidagi samarqandlik o‘quvchilar dastlabki test sinovlarini topshirdi.

Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatiga  respublika bo‘ylab ochiq tanlov asosida 60 nafar iqtidorli o‘quvchilar saralanib, uch yil davomida ularga xalqaro standartlar asosida ta’lim beriladi, xorijdagi eng nufuzli universitetlarga kirishlari uchun imkoniyat yaratiladi. Mazkur muassasalarning boshqa maktablardan asosiy farqi shundaki, bitiruvchilarga (shahodatnoma) bilan bir qatorda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirish imkoniyatini beruvchi xalqaro darajadagi (International Baccalaureate (IB) diplom beriladi.

Tartibga ko‘ra, maktab-internatiga 2025/2026 o‘quv yili uchun o‘quvchilar qabul ikki bosqichda – saralash va kirish imtihonlari shaklida o‘tkazilmoqda.

[gallery-24278]

Birinchi bosqichdagi saralash imtihonlari matematika va ingliz tili fanlari bo‘yicha o‘tkazilib, har bir fan bo‘yicha 40 tadan test savoli taqdim etildi. Matematika uchun 90 daqiqa, ingliz tili uchun 40 daqiqa vaqt belgilangan. Imtihon natijalari 100 ballik shkala asosida baholanib, undan eng yuqori ko‘rsatkich qayd etgan 300 nafar nomzod keyingi bosqichda ishtirok etadi. Ikkinchi bosqichda matematika fanidan 5 ta yozma masala, 60 daqiqa, ingliz tili fanidan “reading” va “writing” ko‘nikmalari bo‘yicha topshiriqlar, shu jumladan esse yozish uchun 50 daqiqa beriladi. Ikkala fan natijalari umumlashtirilib, eng yuqori ball to‘plagan 60 nafar nomzod maktab-internat o‘quvchisiga aylanadi.

- Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatiga kirish istagida bo‘lgan viloyatimiz o‘quvchi yoshlaridan 1026 ta ariza kelib tushgan, - deydi Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimi Orif Ma’rupov. – Talabgorlardan 998 nafarining hujjatlari belgilangan talablarga muvofiq bo‘lib, ular test jarayonlarida ishtirok etish uchun tasdiqlandi. Bugun o‘quvchilarimiz kirish imtihonlarining birinchi bosqichida ishtirok etishdi. Iqtidorli va bilimli o‘quvchilar keyingi bosqichga yo‘l oladi.

Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatiga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichi Toshkent shahrida o‘tkaziladi.

G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari