Poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida davom etayotgan “Al-Beruniy” III xalqaro turnirining ortda qolgan 6-tur o‘yinlaridan keyin “Masters” guruhida armanistonlik Aram Akobyan, “Challengers” guruhida 4,5 ochko bilan hindistonlik Mittal Aditya, “Futures” guruhida 4,5 ochko bilan armanistonlik Artur Davtyan, “Open” guruhida 6 ochko jamg‘argan Saidamin Omonov qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga yetakchilik qilmoqda.
Bugun, 19-fevral kuni mukofot jamg‘armasi 75 ming AQSH dollaridan iborat turnirning “Masters” guruhida o‘tadigan 7-turida hamyurtlarimizdan Afruza Hamdamova qora donalarda Germaniya sharafini himoya qiladigan Aleksandr Donchenko bilan, Shamsiddin Vohidov oq donalarda fransiyalik Eten Bakro bilan, Abdumalik Abdusalimov oq donalarda armanistonlik Shant Sargsyan bilan, Muhiddin Madaminov esa oq donalarda rossiyalik Volodar Murzin bilan kuch sinashadi.
“Masters” guruhida peshqadamlik qilayotgan Aram Akobyan oq donalarda gretsiyalik Boris Gelfand qarshiligini yengishga harakat qiladi.
“Al-Beruniy” III xalqaro turnirining 7-turdagi eng qiziqarli o‘yinlardan biri hamyurtimiz Gulruhbegim Tohirjonova va Mittal Aditya o‘rtasida kechadi. Ushbu bahsda Tohirjonova qora donalarda harakatlanadi.
“Futures” guruhining 7-turida turnir karvonboshisi Artur Davtyan hamyurtimiz Madinabonu Xalilova bilan, ushbu guruhda g‘oliblikka da’vogarlardan biri sanalgan qozog‘istonlik Aldiyar Ansat iste’dodli shaxmatchi qizimiz Umida Omonova bilan ro‘baro‘ keladi.
“Open” guruhida g‘oliblikka asosiy da’vogar hisoblangan hamyurtlarimiz Saidamin Omonov – Behruz Umarov to‘qnashuvi aynan bugun, 7-turda ro‘y beradi.
Eslatib o‘tamiz, xalqaro turnirning so‘nggi 9-tur o‘yinlari 21-fevral kuni bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA