Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Al-Azhar va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarildi
12:25 / 2025-12-11

Misrdagi islom olamining eng nufuzli ilmiy markazlaridan biri – Al-Azhar va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivojlanib bormoqda. Qohirada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yanada strategik darajaga olib chiqdi.

Shayx Ahmad at-Tayyib bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ta’lim, ilm-fan, ma’rifat va diniy-ma’naviy sohalarda qator istiqbolli loyihalar yuzasidan kelishuvga erishildi. Bu jarayon nafaqat ikki mamlakat munosabatlari, balki butun islom olami rivoji uchun muhim hodisa sifatida baholanmoqda.  

Shayx Ahmad at-Tayyib O‘zbekiston bilan hamkorlik tarixan muhim ekanini qayd etib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni yanada chuqurlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida Ahmad at-Tayyib Azhar sharifning Shayxi va Musulmon Aqlmandlari kengashi raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari, Shayx Zayd nomidagi «Insoniy birodarlik» xalqaro mukofoti hakamlar hay’ati a’zosi Saida Mirziyoyevani qabul qildi. Tashrif doirasida ikki tomonlama ilmiy va ma’rifatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Imom A’zam Ahmad at-Tayyib Saida honimni Azhar sharifda samimiy kutib oldi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy salomlarini yo‘lladi. Ta’kidlandiki, islom aqlining eng yorqin ilmiy va fikriy an’analari aynan bu yurt bilan bog‘liq bo‘lib, movarounnahrlik allomalar – Imom Moturidiy, Termiziy, Zamaxshariy, Forobiy, Xorazmiy va boshqalarning merosi butun islom ilmiy merosida benihoya katta o‘rin tutadi. Ularning ta’siri nafaqat islom sivilizatsiyasi, balki butun insoniyat taraqqiyotiga xizmat qilgan.

Doktor Ahmad at-Tayyib, shuningdek, Saida Mirziyoyevaning mamlakatda xotin-qizlarning yetakchilik lavozimlarida faoliyat yuritishi, ijtimoiy sohalardagi tashabbuslari, inson huquqlari, bolalarni himoya qilish, ta’lim va madaniyatni rivojlantirish yo‘lidagi ishlarini yuqori baholadi. U zot ayollarning huquqlarini cheklaydigan johiliya davridan qolgan urf-odatlar islom shariatiga zid ekanini alohida ta’kidladi.

Saida Mirziyoyeva o‘z navbatida Azhar Shayxining global miqyosda insonparvarlik, bag‘rikenglik, tinchlik va birodarlik qiymatlarini targ‘ib etishdagi o‘rnini katta ehtirom bilan qayd etdi. U O‘zbekiston Islom akademiyasi tomonidan 2018 yilda Shayx at-Tayyibga berilgan faxriy doktorlik unvoni bilan faxrlanishini bildirdi. Shuningdek, u Azhar Shayxiga Prezident Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazdi.

Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston tomonidan Azhar va Musulmon Aqlmandlari kengashi bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga qiziqish katta ekanini bildirdi. Jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, talabalar va tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, Azhar universiteti va O‘zbekiston Islom akademiyasi o‘rtasida 100 mingdan ziyod islom qo‘lyozmalarini tadqiq etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Imom Moturidiyning ilmiy merosini keng tarqatish, ekstremistik g‘oyalardan jabr ko‘rganlarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha Azhar Markazi va O‘zbekiston diniy idoralari hamkorligi kengayadi.

Shayx at-Tayyib ushbu takliflarni qo‘llab-quvvatladi va tez fursatda amalga oshirish uchun qo‘shma komissiya tuzishni buyurdi.

Uchrashuv yakunida Saida Mirziyoyeva Azhar Shayxini O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelish va Markaziy Osiyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi markazi ochilish marosimida ishtirok etishga taklif qildi. Shayx at-Tayyib taklifni mamnuniyat bilan qabul qilib, ushbu markazni O‘zbekiston xalqi uchun ulkan tarixiy voqea ekanini ta’kidladi.

Al-Azhar va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik yangi, sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarildi. Rejalashtirilayotgan qo‘shma ilmiy loyihalar, talabalar va mutaxassislar almashinuvi, qo‘lyozmalarni o‘rganish, ekstremizmga qarshi ma’rifiy dasturlar, nafaqat ikki mamlakat, balki butun islom olami uchun ulkan ahamiyatga ega. Bu hamkorlik ilm, ma’rifat va tinchlik sari yo‘nalgan strategik qadam.

Dildora DO‘SMATOVA,

O‘zA