French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Akula tahdidi: Avstraliya plyajlari yopildi
11:50 / 2026-01-20

Avstraliya sharqiy sohilida xavfsizlik keskin kuchaytirildi. Ikki kun ichida to‘rt marta akula hujumi sodir etilishi ortidan o‘nlab plyajlar, jumladan Sidney atrofidagi mashhur dam olish maskanlari yopildi. Mavsumning eng qizg‘in pallasida, sayyohlar juda ko‘p keladigan payt bunday qaror qabul qilinishi vaziyat o‘ta jiddiyligini ko‘rsatadi.

Ma’lum qilinishicha, Port-Makkori suv hududida cho‘milayotgan erkak akula hujumiga uchrab, shifoxonaga yotqizilgan. Uning ahvoli hozircha barqaror. Bu voqeadan ko‘p o‘tmay, Manli qum sohilida yana bir odam og‘ir jarohat oldi.

Mutaxassislar xavfni ob-havo bilan bog‘lamoqda. So‘nggi kunlarda kuchaygan yomg‘ir suvni loyqalatib, akulalar uchun qulay muhit yaratdi. Loyli suvda ko‘rish imkoni pasayadi va akula tasodifiy yoki o‘zini himoya qilish maqsadida hamlaga o‘tishi ehtimoli oshadi.

Qutqaruv xizmati xodimlari aholiga dengizdan uzoq turish bo‘yicha qat’iy tavsiya bermoqda.

Hozircha plyajlar xavfsiz emas, - deydi xizmat rahbari. - Shu bois odamlar hovuzlar va yopiq suv inshootlariga yo‘naltirilmoqda.

Statistikaga ko‘ra, Avstraliyada yiliga qayd etiladigan o‘rtacha 20 ga yaqin akula hujumidan kamdan-kami o‘lim bilan yakunlanadi. Shunga qaramay, bu holat yana bir haqiqatni eslatadi: tabiat bilan to‘qnashuvda ehtiyotsizlik kechirilmaydi.

Musulmon Ziyo, O‘zA