Istanbul shahrida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY va Turkiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari hamkorligida TURKSOY Xalqaro teatr mukofotlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
O‘n birinchi bor tashkil etilgan mazkur nufuzli xalqaro tadbirda tashkilotga a’zo davlatlarning teatr san’ati sohasida samarali faoliyat yuritib kelayotgan taniqli ijodkorlari 2025 yil yakunlariga ko‘ra turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
Quvonarli jihati shundaki, mamlakatimizdan O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Lola Eltoyeva “Eng yaxshi teatr aktrisasi” yo‘nalishida xalqaro mukofotni qo‘lga kiritdi.
Har yili Xalqaro Anadolu teatr mukofotlari doirasida o‘tkaziladigan mazkur marosim turkiy dunyo teatrlari o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni mustahkamlash, umumiy madaniy merosni sahna san’ati orqali namoyish etish va teatr sohasidagi aloqalarni rivojlantirishni ko‘zda tutadi.
Shu jihatdan mazkur mukofotlar nafaqat shaxsiy muvaffaqiyatlarni, balki turkiy dunyo teatrlari rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim madaniyat va san’at platformasi hisoblanadi.
Hamyurtimiz bilan birga, shuningdek, Qozog‘istondan Yerenbak Toykenov “Eng yaxshi teatr rejissyori”, Qirg‘izistondan Sadir Niyazakunov “Eng yaxshi sahna rassomi”, Ozarbayjondan Ali Amirli “Eng yaxshi dramaturg”, Turkmanistondan Batir Chariyev “Eng yaxshi teatr aktyori” nominatsiyalari bo‘yicha e’tirof etildi.
Taqdirlash marosimida so‘z olgan TURKSOY Bosh kotibi o‘rinbosari Sayit Yusuf teatr turkiy dunyoda umumiy madaniy o‘zlikni asrab qolishda muhim rol o‘ynashini, san’at vositasida o‘rnatilgan rishtalar turli hududlardagi ijodiy jamoalarning bir-birini yanada yaqindan tanishiga imkon yaratishini ta’kidladi.
Umuman aytganda, Istanbulda o‘tkazilgan ushbu taqdirlash marosimi turkiy olamning turli burchaklaridan tashrif buyurgan san’atkorlarni bir joyga jamlash barobarida teatr san’atiga bag‘ishlangan mehnatlarning xalqaro darajada e’tirof etilishiga xizmat qildi.
N.Usmonova,
O‘zA