Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi raisi Aktam Hayitov rahbarligidagi ishchi guruhi Qarshi tumanida joylashgan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish o‘quv markazida tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari bilan muloqot qildi.
Ikki yil avval ishga tushirilgan ushbu markaz viloyatda chorvachilikni rivojlantirishga ilmiy yondoshuvni tashkil etishda muhim o‘rin tutadi. Bu yerda soha olimlari ishtirokida tashkil etiladigan o‘quv-seminarlarida fermer xo‘jaliklari va aholi xonadonlarida sun’iy qochirish orqali zotli mollarni ko‘paytirish, parrandachilik, baliqchilik, qo‘ychilik va asalarichilikni rivojlantirish borasidagi yangiliklarni amaliyotga tatbiq etish rejalashtirilgan.

A.Hayitov markaz faoliyati bugungi kunda yaxshi tashkil etilmayotganini tanqid qildi. Uni malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, voha qishloqlarida markaz tomonidan dehqon xo‘jaliklari va xonadonlarda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikni tashkil etish va rivojlantirish borasida ko‘rgazmali seminarlar tashkil etib, aholini oilaviy tadbirkorlikka yo‘naltirish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni joyida bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, xalq vakili Qarshi tumanidagi “Baxt” fermer xo‘jaligida amalga oshirilayotgan bahorgi dala yumushlari bilan ham tanishdi.
Fermerlar bilan muloqotda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan taklif etilayotgan qishloq xo‘jalik texnikalari va asbob uskunalari, intensiv bog‘, tokzorlar va issiqxonalar loyihalariga buyurtma berish, taqdim etiladigan zaruriy hujjatlar, yangi turdagi mahsulotlar yetishtirishni rag‘batlantirish, qishloq xo‘jaligida yangi texnologiyalarni joriy qilishga ko‘maklashish haqida ma’lumotlar berdi.
O‘zA