Islohotlar iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini modernizatsiyalash, o‘zaro raqobat muhitini yaratish, davlat tasarrufidan chiqarilgan va xususiylashtirilgan korxonalar negizida tashkil etilayotgan xo‘jalik sub’ektlari, shuningdek, davlat ulushiga ega bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatini boshqarish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan 2022 yil 29 mart kuni imzolangan “Korporativ boshqaruv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi qonun bilan davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini tartibga soluvchi bir qator normalar belgilandi.
Jumladan, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi qonunning 22-moddasida belgilangan “Oltin aksiya” qoidasi olib tashlandi.
– Shu vaqtgacha “Oltin aksiya” qoidasi ayrim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan davlat korxonalarini boshqarishda ishtirok etishga doir maxsus huquq bo‘lib, undan foydalanish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanar edi, – deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Musobek Jo‘raqulov.
– Bu qoida jamiyatlarning ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi mavjud bo‘lmagan yoki bu ulush jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) yigirma besh foizdan oshmaydigan jamiyatlarda joriy etilib, jamiyatning kuzatuv kengashi tarkibiga davlat vakilini tayinlash vositasida amalga oshirilar edi. Bunda davlat vakili jamiyatning umumiy yig‘ilishi yoki kuzatuv kengashi yig‘ilishlarida qabul qilingan ba’zi qarorlarga veto qo‘yish huquqi bilan ishtirok etardi. Endilikda ushbu moddaning olib tashlanishi o‘z navbatida davlat tomonidan korxonalar faoliyatiga aralashuvini kamaytirishga va jamiyatni boshqarishda barcha aksiyadorlarga (ta’sischilarga) teng huquqlilik kafolatini beradi.
Shuningdek, qonunning 76- va 79-moddalariga ham o‘zgartirish kiritilib, jamiyat kuzatuv kengashlari va ijroiya organi a’zolarining vakolatlari muddati bir yildan uch yilgacha uzaytirildi. Shuningdek, qonunning 107-moddasi eski tahririda jamiyatning xo‘jalik faoliyatini nazorat qilish uchun jamiyat ustaviga muvofiq aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan taftish komissiyasi bir yil muddatga saylanar edi. Endi bo‘lsa jamiyat ustavida jamiyatning taftish komissiyasini tuzish nazarda tutilishi mumkin, ya’ni majburiy emas.
– Yana bir muhim o‘zgarishlardan biri, qonunning 89-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasining korporativ qonunchiligiga muvofiq aksiyadorlik jamiyatining 5 foizdan kam bo‘lmagan ovoz beruvchi aksiyalariga egalik qiluvchi aksiyador affillangan shaxs bilan tuzilgan qaysi bitim natijasida jamiyatga zarar yetkazilgan bo‘lsa yoxud ushbu bitim tuzilganligi oqibatida kelgusida zarar yetkazilishi mumkin bo‘lsa, o‘sha bitimni tuzishga doir talablar buzilishining mavjud belgilarini o‘rganish uchun mustaqil ravishda auditorlik tashkilotini jalb etishga haqliligi belgilab qo‘yildi, – deydi M.Jo‘raqulov. – Qonunning oldingi tahririda bu borada 10 foizdan kam bo‘lmagan ovoz beruvchi aksiya egalari bunday imkoniyatlarga ega edi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida” gi qonuni ayrim moddalariga ham bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, 39-moddaning uchinchi qismi, ya’ni “Jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi sifatida faqat jismoniy shaxs ish yuritishi mumkin” mazmundagi normasi olib tashlandi.
Shu moddaning beshinchi qismi “Ishtirokchilar umumiy yig‘ilishining qaroriga ko‘ra jamiyat ijroiya organining vakolatlari shartnomaga ko‘ra tijorat tashkilotiga (ishonchli boshqaruviga) berilishi mumkin. Tuziladigan shartnomaning shartlari jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan, kuzatuv kengashi mavjud bo‘lmaganda esa, agar jamiyat ustavida o‘zgacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ishtirokchilarning umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlanadi.
Albatta, kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar aksiyadorlik jamiyatlarining faoliyatini yanada muvofiqlashtirishga, aksiyadorlarga qator imkoniyat va qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri