Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aksiyadorlik jamiyatlari ijroiya organining vakolat muddati 1 yildan 3 yilgacha uzaytirilmoqda
14:42 / 2022-03-03

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar parlament yuqori palatasining barcha qo‘mitalarida dastlabki tarzda muhokama qilinmoqda.

 Xususan, bugun Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi. 

Shundan so‘ng “Korporativ boshqaruv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. 



– Ushbu qonun korporativ boshqaruvni takomillashtirish va davlatning xo‘jalik jamiyatlaridagi xususiy ishtirokchilar (aksiyadorlar) bilan teng ishtirokini ta’minlashga qaratilgan, – dedi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyev. – Uni tayyorlashda rivojlangan xorijiy davlatlarning ijobiy tajribasi va Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining (IHTT) tavsiyalari inobatga olindi. Mazkur qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi va “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi qonunlarga qimmatli qog‘ozlarning markaziy depozitariysiga Markaziy bankda ham hisobvaraq ochib, qimmatli qog‘ozlarning uyushgan savdosida qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlar natijalari bo‘yicha pul mablag‘larining hisob-kitoblarini amalga oshirish huquqi berilishini ko‘zda tutuvchi o‘zgartish kiritilmoqda.  

Shuningdek, Fuqarolik kodeksiga unitar korxonani boshqarish organi sifatida kuzatuv kengashini joriy etish mumkinligini nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilmoqda. Ushbu normaning amalga joriy etilishi unitar korxona va uning egalari manfaatlari yo‘lida faoliyat yuritilishini hamda korxona rahbari ustidan samarali nazorat o‘rnatilishini ta’minlaydi.   

Ta’kidlanganidek, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonundan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqi (“oltin aksiya”) bekor qilinmoqda. Uning bekor qilinishi yirik salohiyatli investorlarning xususiylashtiriladigan korxonalarga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga ijobiy ta’sir qiladi. 

Mazkur qonunda aksiyadorlik jamiyatlari ijroiya organi va kuzatuv kengashi a’zolarining vakolat muddatini bir yildan uch yilgacha uzaytirish belgilab qo‘yilmoqda. Chunki ko‘p hollarda korxonalarni o‘rta va uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasi, korporativ shartnomalar 3-5 yillikka mo‘ljallangan bo‘ladi. Aksiyadorlik jamiyati rahbariyatining vakolati ham uzaytirilishi korporativ boshqarishning samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.   

Muhtarama Komilova,  
O‘zA