French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aksiyada bepul huquqiy maslahat berildi
11:08 / 2022-03-24

“Yuksalish” umumilliy harakati va O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi o‘rtasida tuzilgan memorandumga ko‘ra, Navoiy shahri va Xatirchi tumanlarida bepul huquqiy maslahat kuni aksiyasi tashkil etildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilib, qator aksiya va tadbirlar tashkil etilmoqda.  

– Aksiya doirasida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar tomonidan fuqarolarning mol-mulk nizosi, meros masalalari, subsidiya olish tartibi, mulkni ayrboshlash, ishonchnoma, vasiyatnoma, voyaga yetmagan farzandni xorijiy davlatga olib chiqish tartibi, pensiya tayinlash, hadya shartnomasi, tadbirkorlikka oid savollariga javob berildi, – deydi “Yuksalish” umumilliy harakati Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi Ilhom Sattorov. – Jumladan, aksiyada ishtirok etgan fuqaro Gulnora Saakyanning Toshkent viloyati hududida joylashgan kvartira va savdo do‘konining oldi-sotdi shartnomasini tasdiqlash tartibi haqida so‘ragan maslahatiga notariuslar tomonidan huquqiy tushuntirishlar berildi. Shuningdek, Anvar Valiyev otasidan qolgan uy-joyga nisbatan meros ishini rasmiylashtirish masalasida murojaat qildi. Uning hujjatalari notariuslar Gulruh Mamalatipova va Ilhomjon Salomov tomonidan ko‘rib chiqildi.  

Aksiyada ikkala hududdan ishtirok etgan 110 nafarga yaqin fuqaroning savollariga huquqiy javoblar berildi.  
– Navoiy shahrida “Xumo” MFyda yashayman, – deydi Usmon Islomov. – Qishloqda 12 sotixli hovlim bor. Uning teng yarmini sotmoqchi edim. Mahallamizda o‘tkazilgan aksiyada shu masala bo‘yicha  notariuslardan javob oldim. 
– Mahallamizda aksiya bo‘layotganini eshitib keldim, – deydi Lobar Fayzullayeva. – Turmush o‘rtog‘im hamkasbiga kredit olishi uchun kafil bo‘lgan. Hamkasbi esa olgan kredet mablag‘ini o‘z vaqtida qaytara olmayapti. Bank tomonidan turmush o‘rtog‘imning oylik maoshidan avtomatik tizim orqali yechilmoqda. Shu holatning oldini olish bo‘yicha bergan savolimga huquqiy tushuncha oldim.  

Aksiya doirasida fuqaro Ismat Boltayevning murojaati notarius tomonidan joyida hal etilib, huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar uchun undiriladigan to‘lovlardan ozod etilgan holda uy-joy hadya shartnomasi rasmiylashtirib berildi.  
Adolatli va xalqchil jamiyat barpo etish, odamlarga ayniqsa, chekka hududlarda yashovchi fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Huquqiy maslahat kuni aksiyasi ham ana shunday ulug‘vor maqsadga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.  

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA.