Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Akramjon NE’MATOV: O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegaralarininig ochilishi ellarimizni yana birlashtirdi
15:30 / 2023-01-16

“O‘zbekiston-Qirg‘iziston strategik sherikligini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari” mavzusida onlayn va oflayn shaklda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro konferensiyada so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov ma’ruzasii avvalida ikki tomonlama hamkorlikning joriy holatiga qisqacha to‘xtalib, erishilgan natijalarga yuqori baho berdi.

So‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli siyosiy muloqot va ishonch mustahkamlanib, ikki tomonlama hamkorlikning barcha jabhalari bo‘yicha ko‘plab masalalar hal etilayotgani, samarali hamkorlikni rivojlantirish maqsadida barcha sharoitlar yaratilgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishgan ilk kunlaridanoq Qirg‘iziston bilan munosabatlarni yaxshilashga alohida e’tibor qaratgani, eng muhimi, bu sa’y-harakatlar qo‘shni davlat, qardosh xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlangani ta’kidlandi.

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning 2021 yil mart oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarida muhim voqea bo‘ldi, uning yakunlari bo‘yicha tomonlar turli sohalarga oid 22 ta hujjat imzolandi.

SMTI rahbari o‘rinbosari, ayniqsa, chegaralar ochilishi aholining katta xursandchiligiga sabab bo‘lganiga urg‘u berdi. Ko‘p yillik turg‘unlikdan so‘ng O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari o‘rtasidagi bordi-keldi tiklangan paytlari davlatlarimiz chegaralarini kuniga 30 mingdan ziyod aholi kesib o‘tgani, ikki davlatga tegishli qo‘shni hududlarda istiqomat qiluvchi qarindosh-urug‘, jigarlar bir-birlarini bemalol yo‘qlash imkoniga ega bo‘lganliklari, azaliy qondosh ellarni yana birlashtirgani qayd etildi.

A.Ne’matovning aytishicha, keyingi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston ishbilarmonlari orasida o‘zaro tadbirkorlikni rivojlantirishga e’tibor ham keskin ortgan. Masalan, hozirgi kunda mamlakatimizda mazkur qo‘shni yurt kapitali ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 300 dan oshdi. Ushbu ko‘rsatkich oxirgi 5 yilda qariyb 6 barobar o‘sgan.

G‘.Xonnazarov,

A.Abdullayev,

O‘zA