Guliston shahrida xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga Akmaljon Mahmudaliyev nomzodini tavsiya etdi.
A.Mahmudaliyev 1974 yilda tug‘ilgan. Ko‘p yillar davlat idoralarida ishlab, katta tajriba orttirgan. Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani hokimi, Navoiy viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. U o‘tgan yil noyabrdan buyon Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajarib kelmoqda.
Nomzod lavozimga tasdiqlanishdan avval uning rejalari eshitildi. Akmaljon Mahmudaliyev viloyatda tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish bo‘yicha rejalarini ma’lum qildi.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Umuman olganda, Sirdaryoda ijtimoiy muammolarni hal qilishga joriy yilgi davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan 685 milliard so‘mga qo‘shimcha 380 milliard so‘m, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga yana 110 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Sanoat, agrar soha va tadbirkorlik loyihalariga 1 milliard dollar, infratuzilma barpo etishga 105 million dollar jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Bulardan tashqari, xorijiy investitsiyalar jalb qilib, Sirdaryo viloyatini innovatsion hududga aylantirish vazifasi qo‘yildi.
Taqdimotdan so‘ng viloyat kengashi deputatlari nomzodning rejalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Tashkiliy masala ovozga qo‘yildi. Uning natijalariga ko‘ra, Akmaljon Mahmudaliyev Sirdaryo viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.
O‘zA