Akmal Vahobjonovich Nuriddinov 1959 yil 27 fevralda Namangan shahrida tug‘ilgan. U Toshkentdagi P.Benkov nomidagi Rassomlik bilim yurtida, Mannon Uyg‘ur nomidagi Teatr va rassomlik institutida tahsil olgan. 1990 yildan O‘zbekiston Badiiy Akademiyasining a’zosi.
Akmal Nur ijodida ishq-muhabbat, vafo va sadoqat asosiy mavzulardan biri hisoblanadi. Uning asarlarida ichki tug‘yon, atrof-muhitda bo‘layotgan munosabatlar, quvonch va anduh bilan bog‘liq his-tuyg‘ular, tabiatni sevish, muhabbatli oila, hayotning muqaddasligi keng tasvirlanadi.
Uning ijodiy ishlari Shveysariya, Niderlandiya, Germaniya, Belgiya, Italiya, Avstraliya, AQSH, Isroil, Marokash, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston muzeylarida, xususiy kolleksiyalarda saqlanadi. Akmal Nur O‘zbekiston Badiiy akademiyasining akademigi va akademiya raisi, O‘zbekiston xalq rassomi, davlat mukofoti laureati, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibidir. U 2024 yili Yaponiya imperatorining “Chiqayotgan quyosh” ordeni, “Oltin nurli bo‘yin tasmasi” ordeni bilan mukofotlangan.
Ijodkor biz bilan suhbatda ichki kechinmalari, yaratgan asarlari, tasviriy san’atning bugungi rivoji haqida so‘z yuritdi.
– Ijodingizda oy, anor, olma, ayol ramzlari ko‘p uchraydi, buning sabablarini kengroq tushuntirib bersangiz.
– Tasviriy san’at adabiyotdan ozgina farq qiladi. Adabiyotda hamma narsa ko‘rsatiladi. Tasviriy san’atda men ko‘proq yaxlit, lo‘nda “gapirish”ni yaxshi ko‘raman. Shuning uchun sharqdagi ramzlarga ko‘proq murojaat qilaman. Bu ramzlar orqali sharqda bitta narsa borki, bir harakat bilan, bir qarash bilan, ibo bilan yoki bir jilmayish bilan ko‘p narsani aytsa bo‘ladi. Xuddi shunga o‘xshash aytaylik, men sizni sevaman, degan so‘zni, albatta, so‘z bilan ifodalash shart emas. Bir oddiy olma yoki gul ko‘ngil ifodasi bo‘ladi. Agar anorni oladigan bo‘lsak, anor nafaqat mening ijodimda balki, butun o‘zbek ijodkorlarining asarlarida bor. Anor – bu oila ramzi. Anor berish bilan birga go‘zal yorga, kel, sen bilan oila quraylik, degin ma’noni bildiradi. Hayot – katta daryo. Ana shu daryodan hamma suzib o‘tadi. Lekin men judayam xohlardimki, shu daryodan ko‘nglingizdagi inson bilan qo‘shilib o‘tsangiz, eng go‘zal hayotning intihosi ham shu bo‘lsa kerak. Mening eng yaxshi ko‘rgan hayvonim oq eshak, oq xo‘tik. Chunki, u beg‘ubor, indamay ishini qiladigan hayvon. Bir asarimda majnun sifat yigit, Layliga o‘xshagan qiz ikkalalari soyabon ostida birgalashib bir butun bo‘lib ketishlari ishlangan. Hayotda har bir odam o‘zining yarmini qidiradi. Demak, qolgan yarmini topgan inson bir butun bo‘ladi. Ana shu butunlikni ko‘rsatishni niyat qilganman. Unda soyabon ostidagi muhabbatning anbar hidlari barq urib turganini tasvirlaganman.
– Nimadan ko‘proq ilhomlanasiz?
– Oilamdan, ayolimdan va atrofimdagi chiroyli ayollardan. Har bir ayoldan men nimadir olaman. Kimningdir o‘zini tutishi, kimningdir tashqi ko‘rinishidagi ba’zi detallar, ko‘zlari, qarashlari, hammasi bo‘lajak yaratiladigan asarlarim uchun qoralama. Xotiram yomon emas. Eslab qolaman. Matoga ishlayotganimda, albatta, o‘shalar birin-ketin ko‘z o‘ngimdan o‘ta boshlaydi. Detallarni ishlatgan holda xayolimdagi, niyatimdagi obrazni yarataman. Shu tarzda yangi asar dunyoga keladi.
– “Mening uyim – mening Ka’bam”. Nima uchun ko‘rgazmangiz nomini aynan shunday nom bilan atadingiz?
– Biz ka’baga mehr beramiz. Ka’bani sevamiz. Ana shunday muhabbat avvalambor, har bir insonning o‘z uyiga bo‘lishi kerak. Ya’ni, inson oilasiga nisbatan ham, uyiga nisbatan ham Ka’badek hurmat bilan yashash kerak. Shuning uchun ham ko‘rgazma “Mening uyim – mening Ka’bam” deyilgan. Bu yerda Ka’ba ramziy ma’noda kelgan. Ka’baga bo‘lgan mehr kabi ulug‘ muhabbatni odam o‘z oilasiga berishi kerak.
– Sizningcha, o‘zbek tasviriy san’ati bugun qaysi yo‘ldan boryapti va qaysi bosqichda?
– Dastlab san’at tarixiga nazar solsak. Bu borada ko‘p san’atshunoslar bilan mening fikrim farq qiladi. Ular aytishadiki, Yevropa san’atning siyosatga aralashishlari bo‘lgan. Lekin biz o‘sha yo‘llardan o‘tishimiz shart emas. Keragi ham yo‘q. Biz sharqona fikrdan, tarbiyamizdan kelib chiqib, yo‘limizni shakllantirishimiz kerak. Ayni chog‘da, chelaklab moy bo‘yoqni matoga sochib, mana, men dunyoni shunday ko‘raman, shunday his qilaman, shunday anglayman, deydiganlar ham yo‘q emas. Mayli, ular ham davrimiz mevalari. Bu o‘tkinchi. Adabiyotni ham, tasviriy san’atni ham ildizidan uzmasligimiz kerak. Biz ulug‘ Chingiz Aytmatov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlarni o‘qidik va ko‘rdik. Muhammad Yusufdek Vatanini sevadigan insonlar bilan bir davrda yashadik. Hozir 21 asrda yashayapmiz. Endi dunyo bizni tanishi kerak, faqat taqlidchi sifatida emas, o‘zimiz yaratishimiz shart.
– Ijodingizda sun’iy intellektdan foydalanasizmi? Sun’iy intellekt va rassom o‘rtasidagi munosabatni qanday baholaysiz?
– Rostini aytsam, zamonaviy texnologiyalardan orqaroqda qolgan odamman. Bu, men uchun baxt bo‘lsa kerak. San’atda chiroyli shirani yo‘qotmaslik kerak. Sun’iy intellekt-zamonaviy texnologiya, u kinoda tarixni tiklash uchun kerak bo‘lishi mumkin. Tasviriy san’atda qo‘l ko‘ngil, yurak harorati urib turmog‘i lozim. Yanayam vaqt hakam. Balkim, kimdir undan o‘rinli foydalanar. Ammo mening qo‘limdan kelmaydi. Menga oddiy moy bo‘yoq, oddiy mato yetadi. Asl bahoni davr beradi. Lekin, hozirgi yoshlar har tomonlama rivojlanishi, zamonaviy bo‘lishi zarur. Yurak urishini berib turadigan qo‘l va sun’iy intellekt nafasi aks etib turgan san’at asari qanday bo‘lishini bilmayman. Sun’iy intelekt o‘z nomi bilan sun’iy.
San’at – mening hayotim. Hayotimning asl ma’nosi. Hayot tarzim. San’at bilan tirikman. San’at bu kislorod. Davlat ishlari bilan band bo‘lib qolganimda bir hafta, ikki hafta ishlolmay qolaman. Hayot qorong‘i bo‘lib ketadi. Chunki, men asosiy ishimni qilmayapman-da. Agar ozgina o‘z ishimni qilsam o‘zimga kelaman. Keyin yana bemalol ish bilan shug‘ullanishim mumkin bo‘ladi. Yana ko‘nglim joyiga tushadi. Tashkiliy ishlar bilan shug‘ullanaman.
– Nima deb o‘ylaysiz, keyingi yillarda mamlakatimizda tasviriy san’atga bo‘lgan e’tiborga rassomlar munosib javob bera olyaptimi?
– Avvalambor, tasviriy san’atga bo‘lgan e’tibor uchun mamlakatimiz rahbariga minnatdorlik bildiraman. 1997 yilda Akademiya tashkil topgan. Shu paytgacha O‘zbekiston Badiiy Akademiyasining o‘z binosi bo‘lmagan edi. Biz ko‘p yillar rassomlar uyushmasining binosida o‘tirdik. Bu bino Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti edi. Yurtboshimizning g‘amxo‘rligi tufayli institutga boshqa bino berildi. Birinchi-ikkinchi qavatlarda O‘zbekiston Badiiy Akademiyaning rahbariyati joylashdi. Qolgan ikki etajda Oliy ta’limda malaka oshirish kursi shakllandi. Tasavvur qiling, endi har bir rassom 2 yilda 10 tadan chiroyli san’at asari ishlaydi. Davlatimiz tomonidan mablag‘ ajratildi. Bundan tashqari har bir ijodkor 8 ta asarini O‘zbekiston Badiiy Akademiyasining davlat fondiga qoldiradi. Fondimiz boyib boradi. O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi boshqaruv apparatining Toshkentning qoq markazida joylashganining o‘zi tasviriy san’atga bo‘layotgan e’tibordir. Chet eldan ko‘p mehmonlar keladi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiyadan kelganlar bizga havas bilan qaraydi. Bizda galereya, konferensiya zallari, rassomlar uchun hamma sharoitlar bor. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 1 iyuldagi qarorida tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangan. Ushbu qarorda Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi hududida qo‘shimcha bino qurish va u yerda milliy usulda qog‘oz tayyorlash bo‘yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonasi tashkil etish, Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi hududida qo‘shimcha 400 o‘rinli bino qurish, shuningdek, ushbu maktabning o‘quv binosini kapital ta’mirlash ishlari uchun zarur mablag‘lar nazarda tutilgan. Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondining Chilonzor tumanidagi binosi rekonstruksiya qilinishi, uning hududida zamonaviy galeriya binosi qurilishi hamda 40 ta ijodiy ustaxonadan iborat yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan yosh rassomlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ham ko‘zda tutilgan.
Akademiyamizning asosiy vazifasi san’at rivojiga hissa qo‘shish. Bu sohadagi yoshlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ularni ijodkor sifatida shakllanishiga ko‘mak berish maqsadida O‘zbekiston Badiiy Akademiyasining o‘z maktablari bor. Ko‘rgazma zallari, hamma viloyatda o‘z galereyalari, bo‘limlari bor. Tasviriy san’atni keng targ‘ib qilish, tasviriy san’atga moyil yoshlarimizni tarbiyalab, institut, undan keyingi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ham asosiy vazifamiz hisoblanadi.
Munira Ramazonova suhbatlashdi,
O‘zA