Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiya bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigida Konstitutsiya va qonun ustunligi tamoyili – bu barqaror taraqqiyotning asosiy mezoni ekani ta’kidlandi. So‘nggi yillarda barcha islohotlar ayni shu tamoyil asosida amalga oshirildi.
Keng ko‘lamli va tizimli islohotlar natijalari xalqaro maydonda ham keng e’tirof etilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Korrupsiyaga murosasiz munosabat bo‘yicha xalqaro indeksda 32 pog‘onaga ko‘tarildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov korrupsiyaga kurashish sohasida Konstitutsiyaning ahamiyati haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Yangilangan Konstitutsiya – yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasi atrofida butun xalqimizni yanada jipslashtirdi.
Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining bu yilgi shodiyonasi Agentlik faoliyatida muhim tarixiy kun sifatida muhrlandi. Chunki jamoamiz bilan birgalikda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi muhokamasida takliflarimiz bilan faol ishtirok etdik va ularning aksariyati yangilangan Konstitutsiyada o‘z aksini topdi. Qolaversa, qonun loyihasini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish jarayonlariga ham bevosita mas’ul bo‘ldik.
Eng asosiysi, O‘zbekistonning milliy taraqqiyotida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashishga qaratilgan izchil islohotlar tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotganining yorqin dalili sifatida yangilangan Konstitutsiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq qator normalar mustahkamlandi.
Xususan, Konstitutsiyada birinchi marta korrupsiya so‘zi qo‘llanilib, korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarbligi konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Jumladan, 93-moddada parlament palatalari birgalikda O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi milliy ma’ruzani eshitishi belgilandi. Bu amaliyot korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi ekanligining yaqqol dalilidir.
Mazkur modda ijrosini ta’minlash maqsadida Agentlik tomonidan navbatdagi Milliy ma’ruza tayyorlanib, Oliy Majlis palatalariga tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun kiritildi.
O‘tgan yilgidan farqli ravishda bu yilgi Milliy ma’ruzada korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi qilingan amaliy ishlar, islohotlarning hududlardagi ijrosi, eksperiment tariqasida boshlangan loyihalar natijasi, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi zamonaviy mexanizmlar – korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, davlat organlarining ochiqlik indeksiga oid muhim masalalar aks ettirildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlaring samaradorligiga ijtimoiy tadqiqot natijalari, xalqaro ekspertlarning fikrlari hamda korrupsiya darajasini baholovchi xalqaro reyting va indekslar natijalari asosida baho berildi.
Barchamizga yaxshi ma’lumki, davlatimiz rahbari chiqishlarida barcha sohalarda amalga oshirayotgan islohotlarimiz qatori jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik, o‘zini o‘zi tanqid va demokratik yangilanish jarayonlari endi hech qachon ortga qaytmasligi va biz bu yo‘lni qat’iy davom ettirishimiz bot-bot takrorlanadi.
Asosiy qonunimizda ijro etuvchi hokimiyat organlari ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni ta’minlash, ularning faoliyatida korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, davlat xizmatlarining sifatini oshirish va ulardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha choralar ko‘rilishi mustahkamlangani mana shu qat’iyatda sobitlikni yana bir karra isbotladi.
Konstitutsiyaga kiritilgan yana bir muhim norma — davlat rahbarining taqdimiga binoan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarining Senat tomonidan saylanishi esa ilg‘or demokratik tamoyillar O‘zbekistonda izchil qaror topayotganidan dalolatdir.
Umuman olganda, bu kabi islohotlar korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatini yanada takomillashtirishda, davlat xizmatida halollik, ochiqlik va hisobdorlik prinsiplarini yanada kuchaytirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA