Bu rahbar hamda mutasaddilarni «halollik vaksinasi» bilan emlanishga majbur qilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida Toshkentda aksilkorrupsiya sohasida Xalqaro media forum tashkil etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston milliy media birlashmasi, Xalqaro press-klub hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov so‘zga chiqdi.
– Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda OAVni qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib sharoit yaratish va so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor samarasida bugungi kunda jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik ta’minlanmoqda.
O‘zbekistonda OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlar mamlakatda aksilkorrupsiya siyosatini amalga oshirishda turli yo‘nalish va usullarda o‘zlarining faol hissasini qo‘shib kelmoqda.
Xususan, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha ma’lumot va axborotlar tarqatish, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi, aholining korrupsiyaga nisbatan munosabati va ularning bu boradagi takliflarini o‘rganish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish va hokazolar shular jumlasidandir.
Korrupsiya muammosi OAVning asosiy fokusidagi mavzulardan biriga aylandi va rahbar hamda mutasaddilarni «halollik vaksinasi» bilan emlanishga majbur qilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda jurnalistlar imkoniyatlaridan kengroq foydalanish maqsadida ular turli aksilkorrupsiya tuzilmalari faoliyatiga jalb qilinmoqda. Masalan, Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi a’zolarining 12 foizi, hududiy korrupsiyaga qarshi kurashish kengashi a’zolarining 14 foizi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolarining 20 foizi OAV vakillari va blogerlarni tashkil qiladi. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini baholash, ularning Ochiqlik indeksini baholash bo‘yicha komissiyalar tarkibida faoliyat yuritib kelmoqda.
Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida jurnalist va blogerlar klubi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu klub orqali korrupsiyaviy holatlarni aniqlash va oldini olish bo‘yicha tezkor va samarali hamkorlik qilish tizimi yaratilgan.
Bugungi kunda davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi bilan korrupsiyaga qarshi qat’iy va izchil tus olgan islohotlarni hayotga samarali tatbiq etishda to‘g‘ri yondashuv orqali sog‘lom infomuhitni shakllantirish muhim hisoblanadi. Bunda jurnalistlarga dastlabki va to‘g‘ri ma’lumotni yetkazishga mas’ul bo‘lgan matbuot xizmatlarining ham alohida o‘rni bor.
Forum hammamiz uchun muhim va dolzarb hisoblanadi. O‘ylaymanki, bu muloqotimizni mazkur media forum orqali har yilgi an’anaga aylantiramiz, – dedi Akmal Burhonov.
Norgul Abduraimova, Nosir Haydarov (surat), Nishon Abduvoitov (video), O‘zA