Ozarbayjon – O‘zbekiston madaniy hamkorligi ko‘plab sohalarni qamrab olgan holda, izchil rivojlanmoqda. Mamlakatlarimizni mustahkam tarixiy va madaniy aloqalar birlashtiradi. Bu esa qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun zamin yaratadi. O‘zA muxbirining mamlakatimizdagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Akif Marifli bilan suhbati shu mavzuda.
– Dastlab markazning O‘zbekistonda Ozarbayjon tarixi, madaniyati va adabiyotini ommalashtirishga qaratilgan oxirgi tashabbus va loyihalari haqida so‘zlab bersangiz.
– O‘zbekistonning bir necha oliy o‘quv yurtida Ozarbayjon madaniyat markazlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda va yaqin kelajakda yana o‘nta shunday majmua ochish rejalashtirilgan.
Ikki universitetda ozar tili va adabiyoti kurslari ochilgan. Markazimizda esa til, raqs va badiiy to‘garaklar bor. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bilan imzolangan kelishuv doirasida bu yildan ushbu ta’lim maskani talabalari markazimizda ilmiy amaliyot o‘tamoqda. Biz bunday tashabbuslarni davom ettiramiz.
– Sizningcha, madaniy aloqani mustahkamlashda ikki xalq ziyolilari faoliyatini qay tarzda samarali muvofiqlashtirish mumkin?
– Madaniy aloqani rivojlantirish va mustahkamlashda ziyolilarning o‘rni beqiyos. Shu bois fan va ta’lim sohasida olim va ziyolilarimiz birgalikda tadqiqot olib borishmoqda, xalqaro anjuman va simpoziumlarda ishtirok etib, universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirmoqda.
Teatr va kino ham muhim yo‘nalishlardan. Joriy yildan boshlab teatrlarda ozar dramaturglari asarlari asosida sahnalashtirilgan spektakllar muntazam namoyish etilyapti.
Ozarbayjon va O‘zbekiston musiqachilari konsert va festivallarda xalqlarimizning boy madaniy merosini targ‘ib etmoqda. Ayniqsa, umumiy boyligimiz hisoblangan mug‘om va maqom kabi qadimiy musiqa janrlarini asrash, rivojlantirish muhim.
OAV va noshirlik faoliyati ham munosabatlarni mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega. Ikki mamlakat ziyolilari gazeta va jurnallarda maqolalar chop etib, madaniyat va tarixning muhim jihatlarini yoritmoqdalar.
Madaniy tadbirlar tashkil etib, ziyolilarni birlashtirib, mavjud tarixiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladigan qo‘shma loyihalar amalga oshirayotgan do‘stlik jamiyatlari faoliyatiga alohida e’tibor qaratyapmiz.
– Qanday omillar milliy manfaatlar yo‘lidagi faoliyatga undaydi?
– Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar rivoji chuqur tarixiy-madaniy aloqalar, o‘zaro milliy manfaatlarga asoslangan. Har ikki mamlakatni mushtarak turkiy ildizlar, til va din, madaniyat birlashtirib turadi. Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy, Bobur singari buyuk mutafakkir va shoirlar merosi butun turkiy olam adabiyoti, falsafa va san’ati rivojida muhim o‘rin egallaydi. Madaniy-gumanitar aloqalar shu asosda rivojlanmoqda. Qo‘shma ko‘rgazma va teatr festivallari, konsertlar tashkil etilmoqda. Bunday tadbirlar har ikki mamlakat boy merosini ommalashtirish, xalqalarimiz do‘stligi va hamjihatligini mustahkamlashga hissa qo‘shadi.
– Kelgusida yana qanday loyihalar ko‘zda tutilgan?
– Joriy yil Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan mamlakatimizda “Konstitutsiya va suverenitet yili” deb e’lon qilindi. Bu yangi madaniy va huquqiy loyihalar amalga oshirish uchun o‘ziga xos imkoniyat ochdi. Yaqin kelajakda bir necha muhim tashabbuslar amalga oshiriladi. Masalan, xalqlarimizning mushtarak tarixiy va madaniy merosi haqida “Ikki davlat, yagona madaniyat” antalogiyasi nashr etilishi kutilyapti.
Yozuvchi va shoirlarimiz asarlarini o‘zaro tarjima qilish va nashr etishni davom ettirib, madaniy muloqotni mustahkamlashga hissa qo‘shamiz. Milliy kutubxonalar va nashriyotlar birgalikda badiiy merosni ommalashtirishga qaratilgan loyihalarni ilgari suradi. Badiiy tanlov va anjumanlar o‘tkaziladi. Hamkorlik doirasida Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar ham tashkil etiladi. Bu tashabbuslar xalqlarimizni yanada jipslashtirishi shubhasiz.
O‘zA muxbiri Aziza Alimova tayyorladi.